1-fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasida tashkilotning yangi rahbariyati tarkibi saylab olindi. Federatsiya saytida xabar qilinishicha, xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov prezident etib saylandi.

Prezidentning birinchi o‘rinbosarligiga Husan Turdialiyev, vitse-prezidentlikka esa Eldor G‘afurov, Bahodir Umurzoqov, Rustam Qosimjonov va Tursunali Qo‘ziyevlar qayta saylandi. “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi boshqaruv raisi Akmal Kamolov ham vitse-prezident bo‘ldi. Xurshidabonu Xoliqova federatsiya bosh kotibi lavozimini saqlab qoldi.

Tadbir ishtirokchilari prezidentlik lavozimini tark etayotgan Alisher Sultonovga shaxmat rivojidagi hissasi uchun minnatdorchilik bildirib, uning O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidentligidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Konferensiyada madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murodjon Aliyev, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov, prezidium a’zolari hamda Shaxmat federatsiyasining shahar va viloyatlardagi bo‘limlarining 17 nafar delegati ishtirok etdi.