Fevral oyidan boshlab O‘zbekistonda barcha turdagi pensiyalar butun mamlakat hududida hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd shaklda beriladi. Bu Prezidentning 2-fevralda qabul qilingan “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida o‘z ifodasini topdi.

Hujjatda oliy o‘quv yurtlari talabalariga stipendiyalarning kamida 50 foizi naqd shaklda berish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, 58 tog‘li va olis tumanlarda joylashgan byudjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi to‘lash, shuningdek, ushbu tumanlar aholisiga ijtimoiy to‘lovlar ham hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd shaklda amalga oshirilishi belgilandi.

Moliya vazirligi, Pensiya jamg‘armasi va pochta xizmati tashkilotlariga pensiyalarning uzluksiz, tegishli oyning 27 sanasidan kechiktirmay to‘lanishini ta’minlashga doir qat’iy topshiriq berilgan.

Qarorga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, 2016yil 27-sentyabrda O‘zbekiston Prezidentining Virtual qabulxonasi ishga tushganidan buyon 7 mingdan ortiq murojaatlarda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni o‘z vaqtida to‘lamaslik, to‘lovlarni plastik kartochkalarga naqdsiz shaklda asossiz ravishda o‘tkazish holatlari ko‘paygani hamda to‘lov terminallari va bank apparatlari tizimi yetarli darajada rivojlanmagani bayon etilgan.

Qarorga muvofiq, hududlarda shakllangan ish haqini naqd shaklda hamda plastik kartalarga o‘tkazish yo‘li bilan to‘lashdagi nisbatlar tanqidiy qayta ko‘rib chiqiladi. Bu jarayonda odamlar o‘z ish haqidan foydalanishda muammolarga duch kelmasligi va o‘zlariga kerakli tovar va xizmatlarni erkin xarid qilishlari uchun mavjud to‘lov terminallari infratuzilmasi hisobga olinadi.

Yaqin vaqtlar ichida Markaziy bank tijorat banklarining ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar hamda ularga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘lashda yo‘l qo‘yilayotgan qoidabuzarliklar va kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etishga doir ishlarini tashkil etishi lozim. Birinchi talabga binoan pul mablag‘lari xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hisobvaraqlaridan hech qanday moneliksiz berilishini ta’minlashi zarur.

Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarning o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishi Bosh prokuratura tomonidan qat’iy nazoratga olinadi. Shuningdek, Bosh prokuratura tijorat banklari mansabdor shaxslarining belgilangan tartibni buzganlik uchun javobgarlikka tortilishi to‘g‘risidagi qonunchilik normalarining amalda qo‘llanilishini o‘rganadi.

Qarorda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarning o‘z vaqtida va uzluksiz to‘lanishini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Bosh prokurori Ixtiyor Abdullayev, O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov va Markaziy bank raisi Fayzulla Mullajonov zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklatildi.

Shu bilan bir qatorda, qarorda tijorat banklarini ish haqi, pensiyalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni to‘lash uchun kerakli naqd pul mablag‘lari bilan ta’minlash maqsadida pul mablag‘larining savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidan to‘liq va o‘z vaqtida tijorat banklari kassalariga topshirilishini ta’minlashga qaratilgan hamda bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mos keladigan tizimli kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Prezident qarori ijrosini ta’minlash ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar hamda ularga tenglashtirilgan to‘lovlarni amalga oshirish bilan bog‘liq vaziyatni tubdan yaxshilash va fuqarolarning o‘z pul mablag‘larini o‘zlariga qulay shaklda olish bo‘yicha qonuniy huquqlarini to‘la ta’minlashga xizmat qiladi.