Xalqaro ahamiyatdagi A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 184-kilometrida, “Amu-Buxoro” kanali ustida qisqa muddatlarda yangi va zamonaviy ko‘prik bunyod etilmoqda, deb xabar qildi “O‘zavtoyo‘l” kompaniyasi axborot xizmati.

Yangi ko‘prikning loyihaviy jarayonlari 2016-yilning iyul oyidayoq boshlangan (o‘shanda 1961-yilda qurilgan eski ko‘prikning bir qismi qulab tushgan edi). Qurilish ishlari Qashqadaryo ko‘prik xo‘jaligini saqlashga ixtisoslashgan ta’mirlash-foydalanish korxonasiga topshirilgan.

Umumiy uzunligi 72,5 metr bo‘lgan yangi ko‘prik ikki tomonlama qatnov qismiga ega bo‘lib, har bir qismining eni 10 metrdan ortiq. Bundan tashqari, har ikkala tomonda ham eni qariyb bir yarim metrdan iborat 2 ta piyodalar o‘tish yo‘lagi qurilmoqda.

Yangi ko‘prikning umumiy loyihaviy qiymati 11,8 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lib, Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi mo‘ljallanmoqda.

Loyihachi va quruvchilar ko‘prikning zamonaviy hamda har tomonlama chidamli bo‘lishiga ahamiyat berganlari holda, uning tayanch qirg‘oqlariga 72 dona beton qoziqlar, o‘rta tayanch qismlariga esa har birining uzunligi 14 metrdan iborat 104 dona metall quvurlar o‘rnatishmoqda.

“Bundan tashqari, qurilayotgan ko‘prikni mavjud asosiy yo‘lga bog‘lash maqsadida Buxoro tomonidan 247 metr, Qarshi tomonidan esa 178 metr uzunlikdagi yangi asfaltbeton yo‘l ham qurilmoqda. Qurilish ishlari uchun 40 nafarga yaqin ishchi-xizmatchilar, haydovchi va mexanizatorlar kunu tun mehnat qilishmoqda”, — deydi qurilish korxonasi rahbari Kamoliddin Mahkamov.