“Yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish markazlari tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasidan O‘zbekiston Adliya vazirligi boshqaruviga o‘tkazilmoqda. Bu Prezidentning 1-fevraldagi “Tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida o‘z aksini topdi.

Qarorga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, o‘zgarishlar davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida sansalorlik, byurokratik to‘siqlar va rasmiyatchilik holatlari vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash orqali ularning sifati va samaradorligini tubdan oshirishga qaratilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, litsenziya va ruxsatnoma berish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jarayonlarida davlat xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatishni samarali tashkil etishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolar saqlanib kelmoqda.

“Tadbirkorlik sub’ektlari o‘z faoliyatini boshlashi uchun hanuzgacha turli davlat organlariga murojaat etishga majbur bo‘lmoqda, litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish jarayonlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan zarur darajada foydalanilmayapti, ko‘pchilik davlat xizmatlari, afsuski, hali ham an’anaviy usullarda, qog‘oz shaklida ko‘rsatilmoqda”, — deyiladi sharhda.

Banklar va kredit byurolari, ularning filiallari va vakolatxonalaridan tashqari barcha tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish “yagona darcha” markazlari zimmasiga yuklatilmoqda. Bunday chora tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning mavjud tarqoq tizimi o‘rniga yangi, yaxlit tizimni yaratishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “yagona darcha” markazlari faoliyatiga umumiy rahbarlikni hamda tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishga oid qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi vakolatli organ etib belgilandi. Mazkur vazifalarni bajarish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi, joylarda esa uning hududiy bo‘limlari tashkil etiladi.

“Yagona darcha” markazlari orqali davlat xizmatlarini sifatli va samarali ko‘rsatishga to‘sqinlik qiladigan muammoli masalalarni tezkorlik bilan hal etish uchun tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika va hududiy komissiyalar tashkil etilmoqda.

Qarorda talab eng yuqori bo‘lgan qo‘shimcha 86 turdagi litsenziya va ruxsatnomalarni “yagona darcha” markazlari orqali rasmiylashtirish mexanizmini bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutilmoqda. “Yagona darcha” markazlari barcha zarur kelishish tartib-taomillarini tadbirkorlik sub’ekti ishtirokisiz mustaqil amalga oshiradi.

2018-yil 1-yanvardan boshlab “yagona darcha” markazlari orqali taqdim etiladigan litsenziya va ruxsatnomalarni qog‘oz shaklidagi maxsus blankalarda majburiy rasmiylashtirish talabi bekor qilinadi. Bunda berilgan, to‘xtatib qo‘yilgan, qayta tiklangan, qayta rasmiylashtirilgan, bekor qilingan, shuningdek amal qilishi tugatilgan ruxsatnoma va litsenziyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Litsenziya” axborot tizimlari majmuasi orqali olish imkoniyati yaratiladi. Mazkur majmua 2017-yilning I choragidan ishga tushiriladi. Tadbirkorlar nafaqat davlat xizmatlarini elektron shaklda olish, balki arizalarni ko‘rib chiqish jarayonini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.