Toshkentda maxsus komissiya ishtirokida poytaxt huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan musodara qilingan 180,88 ming dona kontrabanda pirotexnika vositalari yo‘q qilindi, deb xabar qildi O‘zA.

2010-yil 22-sentyabrdagi “Pirotexnika buyumlari muomalasi tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunda pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish ustidan samarali davlat nazoratini o‘rnatish, ularning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishi va ishlatilishining oldini olish, pirotexnika vositalarini qo‘llagan holda madaniy-tomosha tadbirlarini o‘tkazishda xavfsizlik choralarini kuchaytirish, iste’molchilarning huquqlari himoyasini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda mamlakatga olib kirish, sotish va foydalanish holatlari, afsuski, uchrab turibdi. Shu bois ichki ishlar, soliq idoralari, bojxona qo‘mitasi va jamoatchilik vakillaridan iborat maxsus guruhlar ishtirokida mamlakat hududida pirotexnika mahsulotlarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Toshkent shahrida bozorlar, savdo markazlari, ko‘ngilochar maskanlar, o‘quv muassasalari singari jamoat joylarida tekshirish va profilaktik ko‘rik o‘tkazilgan.

13-dekabr kuni poytaxtning Mirobod dehqon bozorining Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi Farg‘ona shoxobchasida 10 ming donadan ziyod pirotexnika vositasi o‘z “xaridorlari” qo‘liga yetib borishining oldi olingan bo‘lsa, 20-dekabr kuni Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tadbirda ushbu hududda istiqomat qiladigan fuqarolardan birining yonidan 12 ming 400 dona pirotexnika vositasi daliliy ashyo sifatida olingan.