AQSH Prezidentining yaqinda imzolangan yetti mamlakat fuqarolarining Amerika Qo‘shma Shtatlariga kirishini vaqtincha to‘xtatuvchi farmoni O‘zbekiston fuqarolariga tegishli emas, deya oydinlik kiritdi Amerikaning Toshkentdagi elchixonasi.

Istisno faqatgina bir vaqtning o‘zida Eron, Iroq, Suriya, Sudan, Liviya, Yaman va Somali fuqaroligiga ham ega bo‘lganlarga tatbiq etiladi.

«O‘zbekiston fuqarolari avvalgidagi kabi barcha toifadagi vizalar olish uchun murojaat qilishda davom ettirishlari mumkin», — qayd etdi elchixona.

Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarolari hamon «Suhbatsiz vizaga murojaat etish dasturi"da ishtirok etishlari mumkin. Ushbu dastur muayyan vizaga ariza beruvchilar uchun konsul bilan suhbatdan o‘tmasdan vizaga murojaat qilishlariga imkon beradi.

Shuni nazarda tutish lozimki, deyiladi xabarda, rasmiy hukumat maqsadlari, belgilangan xalqaro tashkilotlar nomidan rasmiy ish yuzasidan yoki Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti bog‘liq rasmiy maqsadlari uchun muayyan safarlarga yoki muayyan mulozimlariga ushbu farmon shartlari taalluqli emas.