O‘tgan yilning oxirida Toshkent hayvonot bog‘iga bir juft yosh karkidon qush keltirildi, deb xabar qildi hayvonot bog‘i sayti.

Karkidon qush yoki katta hind kalaosi — Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridagi tropik o‘rmonlarda istiqomat qiladi. U katta tumshug‘idagi muguzsimon o‘sma sababli ushbu nomga ega bo‘lgan.

Hayvonot bog‘i xodimlarining ta’kidlashicha, yangi jonivorlar qo‘lga o‘rganuvchan bo‘lib, ozuqa taklif qilgan qo‘ldan ularni ishonch bilan olmoqda.

Ushbu jonivorlarning tutqunlikda ko‘payishi qiyin bo‘lishiga qaramasdan, hayvonot bog‘idagilar bir necha yildan so‘ng ekzotik juftlikdan nasl olishga umid bildirishmoqda.