O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona ittifoqi davlatlariga (Belarus, Qozog‘iston va Rossiya) chiquvchi fuqarolarga mazkur mamlakatlarga nosvoy olib kirish taqiqlanganini eslatib o‘tdi.

Tamaki va boshqa tarkibiy qismlar aralashmasi hisoblangan nosvoy iste’moli O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlarida keng tarqalgan. Bojxona ittifoqi davlatlarida esa nosvoy olib kirish, sotish, ishlab chiqarish va saqlash taqiqlangan.

DBQ ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-yilda faqatgina “Toshkent-Minsk” aviareyslari yo‘lovchilaridan 100 kg dan ziyod nosvoy olib qo‘yilgan (bojxona qonunchiligi buzilishiga oid 43 ta holat bo‘yicha).

Qoidabuzarlar Bojxona ittifoqi davlatlari qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortilmoqda. Qoidalarga rioya etgan yo‘lovchilar nafaqat o‘zlarining, balki o‘z mamlakatining obro‘sini himoya qilgan bo‘ladi, deyiladi DBQ xabarida.