O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-yanvar kuni 25 yilligini nishonlagan “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi jamoasini tabrikladi.

“Mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi bizning mustaqil davlatimiz bilan birgalikda izchil shakllandi va rivojlandi, — deyiladi tabrikda. — O‘tgan chorak asr davomida puxta o‘ylangan, uzoq muddatga mo‘ljallangan strategiya asosida mazkur tarmoqni taraqqiy ettirish bo‘yicha ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi”.

Prezident Milliy aviakompaniya O‘zbekistonni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, ko‘plab xorijiy davlatlar bilan samarali hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidlab o‘tdi.

“O‘zbekiston” yozuvi tushirilgan avialaynerlar jadal rivojlanib borayotgan mamlakatimizning yorqin ramzi sifatida dunyoning ko‘pgina mintaqalari havo makonini zabt etib, yigirmadan ortiq davlatga parvozlarni amalga oshirmoqda", — deyiladi xabarda.

2016-yilda aviakompaniya samolyotlari tomonidan 2 million 500 ming yo‘lovchi va 43 ming tonna yuk tegishli manzillarga yetkazildi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi har yili 90 mingdan ziyod tranzit parvozlarni boshqarib, 300 dan ortiq xorijiy aviakompaniya samolyotlariga aeronavigatsiya xizmati ko‘rsatmoqda.

“Ularning aksariyati Markaziy Osiyo mintaqasida yagona bo‘lgan, eng zamonaviy talablarga javob beradigan Aviatsiya texnikasiga texnik xizmat ko‘rsatish markazi xizmatlaridan foydalanmoqda. Boing-787 samolyotlari uchun Kompozitsiya materiallaridan tayyorlangan mahsulotlarni ta’mirlash markazi kompaniya faoliyatida keng istiqbollar ochdi”, — ta’kidladi Prezident.

Davlat rahbari tabrik yakunida bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamon yangi va yanada qat’iy talablar qo‘yayotganini qayd etib o‘tdi. “Oldimizda hali qiladigan ishimiz ko‘p, birinchi navbatda, aviakompaniyamiz raqobatdoshligini yanada oshirish — eng muhim vazifamizdir. Ishonchim komil, sizlar o‘tgan davrda qo‘lga kiritilgan yutuqlarni tanqidiy yondashuv asosida baholab, o‘zingizning bor bilim va tajribangiz, butun salohiyatingizni ishga solib, yanada yuksak mas’uliyat va fidoiylik bilan mehnat qilasiz”.

Prezidentning 28 yanvardagi qarori bilan Milliy aviakompaniya faxriy yorliq bilan taqdirlandi.