O‘zbekiston Moliya vazirligi huzurida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu Prezidentning 18-yanvarda imzolangan “2017−2021-yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida"gi qarorida keltirib o‘tilgan (hujjat Lex.uz saytiga joylashtirilgan).

Jamg‘arma Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni moliyaviy jihatdan ishonchli va barqaror ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda. Quyidagilar jamg‘armani shakllantirish manbalari etib belgilandi: O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan mablag‘larning 10 foizi; AGTKS tomonidan sotiladigan tabiiy gazga maxsus investitsiyaviy ustama haqining 10 foizi; davlat byudjetining maqsadli mablag‘lari, shu jumladan markazlashtirilgan investitsiyalar; xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari); jismoniy va yuridik shaxslarning, xayriya jamg‘armalarining grantlari, ixtiyoriy badallari, xorijiy donorlarning mablag‘lari; jamg‘armalarning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan tushadigan daromadlar.

Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi doirasida umumiy qiymati 8,422 trln so‘mlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Dastur yangi ish o‘rinlarini yaratish, mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilash, suv ta’minoti, kanalizatsiya, sanitariya va maishiy chiqindilardan foydalanish, sog‘liqni saqlash tizimlari, aholi turar joy sharoitlarini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish, bolalar va sport maydonchalarini tashkil etish, transport, muhandislik va kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish, sug‘orish va tashqi yoritish tarmoqlarini takomillashtirish, zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarini joriy etgan holda Nukus va Urganch shaharlarining issiqlik ta’minoti tizimlarini yaxshilashni o‘z ichiga oladi.

Davlat rahbari qarori bilan Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq, Shumanay, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Xorazm viloyatining Yangiariq va Qo‘shko‘pir tumanlarida 2027-yil 1-yanvariga qadar (Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatining boshqa tumanlarida — 2022-yilgacha) sanoat sohasida (avtomobillarga gaz to‘ldiruvchi kompressor stansiyalaridan tashqari) yangi tashkil etilayotgan mikrofirmalar va kichik korxonalar yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod qilindi.

Bundan tashqari, 1-fevraldan Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatidagi bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalaridagi, ayrim fanlar chuqur o‘rgatiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlaridagi ta’minoti uchun, “Barkamol avlod” markazlaridagi, musiqa va san’at maktablaridagi mashg‘ulotlar uchun ota-onalarning har oylik to‘lovi miqdorlari, shuningdek aholining madaniyat va dam olish markazlaridagi to‘lov miqdorlari respublika bo‘yicha belgilanganidan 2 baravar kam darajada o‘rnatildi.

Shu bilan birga, hududda muhtoj oilalarga, birinchi navbatda, yolg‘iz fuqarolar, pensionerlar, boquvchisi nogiron oilalar hamda boshqa kam ta’minlangan toifadagi aholi va oilalarga qishloq (mahalla) fuqarolar yig‘inlarining komissiyalari qaroriga binoan tayinlanadigan eng kam oylik ish haqining 2−5 baravari miqdorida bir marta beriladigan moddiy yordam shaklidagi ijtimoiy nafaqaning yangi turi joriy etiladi.