O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi va xalq bilan muloqot qilish maqsadida Xorazmga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Davlat rahbari viloyatga tashrifini muzey-qo‘riqxona — Ichan-qal'a majmuasidan boshladi. Prezident Pahlavon Mahmud maqbarasini ziyorat qildi, Matniyoz Devonbegi madrasasida bo‘ldi. U Xiva shahrining tarixiy qismida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari rejasi, Isfandiyorxon qabul marosimlari uyi va Nurillaboy saroy majmuasini rekonstruksiya qilish loyihalari bilan tanishdi.

Prezident Xorazmning turizm borasidagi imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, yangi yo‘nalishlar tashkil etish va ularni jahon bozorlarida targ‘ib qilish, mehmonxonalar va transport infratuzilmasini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Urganchdan Xivagacha temir yo‘l va Xiva shahrida zamonaviy vokzal barpo etish, bu yo‘lda elektropoyezdlar, kelgusida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” tezyurar poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish lozimligi qayd etildi. Shaharning turizm jozibadorligini oshirish maqsadida saylgoh ko‘chalar tashkil etish va kechki sayr imkoniyatini yaratish, ularda milliy urf-odatlar va ko‘ngilochar dasturlarni namoyish qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev 2006-yili YUNESKO shafeligida 1000 yilligi nishonlangan Xorazm Ma’mun akademiyasiga tashrif buyurdi. Bu yerda 41 ilmiy xodim, jumladan, 7 fan doktori, 19 fan nomzodi Xorazm davlatchilik tarixi, bu zamindan yetishib chiqqan olimlarning jahon fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi, Xorazm me’moriy yodgorliklarini biologik, fizik va boshqa salbiy ta’sirlardan himoya qilish, hududdagi ekologik holatni yaxshilash, yer-suv resurslaridan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, voha sharoitiga mos qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini iqlimlashtirish, sho‘rlanish va cho‘llanishning oldini olish kabi yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.

Prezident Xiva tumanidagi “Boltaboy oqsoqol” fermer xo‘jaligida tashkil etiladigan baliqchilik kompleksi loyihasi bilan tanishdi. Bu yerda uvildiriqlarni intensiv usulda yetishtirish va havzalarga yuqori tig‘izlikda o‘tkazishga ixtisoslashgan Vetnam texnologiyasi asosida baliq yetishtirish va uni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Odatda bir gektarlik havzadan o‘rtacha 15−20 sentner baliq olinadi. Vetnam texnologiyasi samarasida bu ko‘rsatkich 400 sentnergacha yetadi.

Davlat rahbari “Xiva naslli parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilishi rejalashtirilgan parrandachilik markazi loyihasi bilan tanishdi. Korxonada Italiya va Xitoy uskunalari asosida yiliga 51 million dona tuxum, 1 million 40 ming dona jo‘ja yetishtirish mo‘ljallanmoqda.

“Bu har bir xonadonga 100 tadan jo‘ja tarqatish, aholi farovonligini oshirish imkonini beradi”, — qayd etadi O‘zA. Prezidentimiz Xiva tumani Chodra qishlog‘ida Xursand Madrimov va Ollabergan Rahimov xonadonlariga kirib, ularning turmush sharoiti, daromadlari bilan qiziqdi. Tomorqadan samarali foydalanish, limon, yong‘oq, anor, anjir kabi serdaromad ekinlar ekish zarurligi haqida so‘z bordi.

Shavkat Mirziyoyev Yangiariq tumanida tashkil etiladigan ip-gazlama ishlab chiqarish korxonasi loyihasi bilan tanishdi. Avvalgi “Yangiariq tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati binosida ish boshlaydigan yangi korxonada yiliga qariyb 20 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarish, 6 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 150 ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Shu tumanda yana bir istiqbolli loyiha — zamonaviy tipdagi chorvachilik kompleksini ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. Xalq banki krediti asosida “Tillo domor” xususiy korxonasi tomonidan tashkil etiladigan ushbu majmuada 2 ming bosh qoramol boqish, yiliga 4 ming 100 tonna sut, 200 tonna go‘sht tayyorlash rejalashtirilgan.

“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan plastmassa zavodi loyihasi ham namoyish etildi. Bu yerda 3,5 ming tonna polietilen va polipropilen granulalarini qayta ishlash asosida turli sig‘imli suv idishlari, shuningdek, yashik va qutilar ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. Prezident ushbu loyihalarning rentabelligi bilan qiziqdi. Bunday korxonalarni boshqa tumanlarda ham tashkil etish, odamlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Bog‘ot tumanida 200 gektar maydonda tokzor tashkil etish loyihasi bilan tanishdi. “O‘zvinosanoatxolding” xolding kompaniyasi tizimidagi “Xorazm uzumi tayyorlov savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etiladigan bog‘da yiliga 3 ming tonna uzum yetishtirish, 210 kishini ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 200 gektar maydonda gurvak, kichkintoy, gulobi, zar gulobi kabi eksportbop qovun navlari ekish rejalashtirilgan.

Bog‘ot tumani Mirishkor qishlog‘idagi xonadonlarda issiqxona tashkil etib, limon, yong‘oq, pomidor, bodring kabi xaridorgir mahsulotlar yetishtirish borasida olib borilayotgan ishlarga ham e’tibor qaratildi.

Prezident Hazorasp tumaniga tashrifi chog‘ida Xorazm viloyati qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlaydigan Toshsoqa magistral kanalida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi. Ushbu kanalda suv sathi pasayib ketgani sababli dalalarni nasos yordamida sug‘orish talab etilardi. Umumiy qiymati 145 million dollardan ortiq bo‘lgan ushbu loyiha doirasida Toshsoqa, Shovot, Polvon G‘azovot va G‘azovot kanallarining 305 kilometri rekonstruksiya qilinib, kanal tubi ko‘tariladi. 21 yangi kanal va 607 gidrotexnika inshooti quriladi. Buning natijasida 280 ga yaqin nasos olib tashlanib, yiliga 14 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ tejaladi.

Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi uchun yer uchastkasi ajratilib, uni zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash ishlari boshlab yuborilgan. Hozirgacha ushbu hududda yengil sanoat, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, charm-poyabzal, qurilish materiallari ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish bo‘yicha 50 dan ortiq loyiha tayyorlangan.

Urganch shahrida Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada oshirish, yosh avlodni tarbiyalash va ish bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.