Joriy yilda Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar qildi Madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot xizmati. Shu haqdagi kelishuvga 25-yanvar kuni Moskvada madaniyat va sport ishlari vaziri o‘rinbosari, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi bosh direktori Farhod Jo‘rayev va RF madaniyat vaziri o‘rinbosari Alla Manilova bilan uchrashuvda erishildi. O‘tgan yilning noyabrida Toshkentda Rossiya kunlari o‘tkazilgan edi.

Tomonlar joriy yilda ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan Pushkin nomidagi davlat Tasviriy san’at muzeyida Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat muzeyidagi eksponatlar ko‘rgazmasini tashkil etish masalasini ham muhokama qilishdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi teatr jamoalari gastrollarini almashishni tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.