Shu vaqtgacha Kogon hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Ixtiyor Farmonov Buxoro hokimi etib tayinlandi. Buxoroning avvalgi hokimi Valijon O‘rinov o‘z xohishiga ko‘ra lavozimini tark etdi, deb xabar qildi Buxoro viloyati hokimiyati axborot xizmati.

Mazkur tashkiliy masala Xalq deputatlari Buxoro shahar kengashining 24-yanvarda Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida ko‘rib chiqildi.

O‘ktam Barnoyev o‘z chiqishida shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi kamchiliklarni qayd etib o‘tdi.

“Turar joylar qurilishi va ularning sifati talablarga javob bermaydi. Kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik masalalari hal qilinmagan. Obodonlashtirish bo‘yicha ishlar achinarli ahvolda. Odamlarni tashvishga solayotgan muammolarga mas’uliyatsizlik bilan yondashuv sababli yuqori tashkilotlarga shikoyatlar soni ortib bormoqda. Bularning barchasi shahar rahbariyatining yetarli darajada tashabbuskor emasligi haqida so‘zlamoqda”, — dedi viloyat hokimi.