“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi joriy yilda bir qator yangi yo‘nalishlarni ochadi, deb xabar qildi aviatashuvchi tashkil etilganining 25 yilligiga bag‘ishlab payshanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida kompaniya bosh direktori Valeriy Tyan.

Yaqin vaqtlarda Tojikiston bilan aviaqatnovlar qayta yo‘lga qo‘yiladi. “Hukumatlararo kelishuv to‘liq ishlab chiqildi va imzolanishga tayyor. Dushanbega reys yaqin vaqtlar ichida bo‘ladi”, — dedi Valeriy Tyan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi aviaqatnovning qayta yo‘lga qo‘yilishi haqidagi qaror 2016-yilning noyabrida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishida qabul qilingan edi.

Aprel boshida yoki undan avvalroq Laxorga (Pokiston) ham reys qayta tiklanadi. Bundan tashqari, Hindiston (Dehli va Amritsar reyslariga qo‘shimcha), Xitoyga yangi yo‘nalish bo‘yicha reyslar yo‘lga qo‘yiladi.

Aviakompaniya charter takliflarini kengaytirishni istiqbolli va daromadli yo‘nalishlardan, deb hisoblaydi, qo‘shimcha qildi Valeriy Tyan. Joriy yilda charterlar uchun ko‘proq havo kemalari ajratiladi, deb ta’kidladi u.

Bugungi kunda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Yevropa va Osiyoning 50 dan ziyod shaharlariga reyslarni amalga oshirmoqda. Charter reyslar geografiyasi Alyaskadan Yangi Zelandiyagacha hududlarni qamrab oladi.