O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 26 yanvar kuni Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida Mudofaa vazirligi rahbariyati bilan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar qildi O‘zA. Tadbirda qator vazirlik va idoralar rahbarlarining axboroti tinglandi.

Davlat rahbari xavfsizlik sohasiga oid qonunchilik samaradorligini yuksaltirish, Qurolli Kuchlar tashkiliy tizimini yanada takomillashtirish, uning shaxsiy tarkibini tayyorlash, zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlanganlik darajasini yanada oshirishga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab berdi.

Harbiy xizmatchilarni har tomonlama ijtimoiy himoya qilish, shu jumladan, harbiylar va ularning oila a’zolari uchun zamonaviy uy-joylar qurish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Shavkat Mirziyoyev yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtdoshlarimizda Vatan taqdiri uchun mas’uliyat tuyg‘usini yanada yuksaltirish kabi muhim vazifalarga alohida e’tibor qaratdi.

Davlat rahbari mazkur bilim yurtida kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.