Berlinda bo‘lib o‘tayotgan “Yashil haftalik” xalqaro yarmarkasining yetti kunlik ishi davomida O‘zbekistonning tashqi savdo kompaniyalari, qayta ishlovchi korxonalari, viloyatlar va tumanlar hokimiyatlari o‘rta va uzoq muddatli shartnomalarni imzolash hamda 151,2 mln dollarlik eksport kelishuvlariga erishishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda “O‘zagroeksport” kompaniyasi “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha shartnomalar 10 dan ziyod davlatlar, jumladan, Germaniya, Buyuk Britaniya, Latviya, Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy, BAA va Turkiya vakillari bilan imzolandi.

Joriy yilda “Yashil haftalik"da O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari, mamlakatning qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Zoyir Mirzayev boshchilik qildi. Berlinda u Germaniya, Vengriya, Latviya va Rossiya qishloq xo‘jaligi vazirlari, Nemis iqtisodiyoti sharqi komissiyasi ijrochi direktori hamda GFRning qator ixtisoslashgan kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi.

Milliy stend 200 kv m ga yaqin maydonni egallagan bo‘lib, unda yangi mevalar, sabzavotlar, poliz ekinlari, quruq mevalar, yog‘-moy va vinochilik mahsulotlari, ziravorlar, sharbatlar, murabbolar va konservalangan mahsulotlarning keng assortimenti namoyish qilinmoqda.

Har bir tashrif buyuruvchi issiq palov va milliy oshxonaning boshqa taomlari bilan siylanmoqda. Tashrif buyuruvchilar va tadbirkorlar yangi va quruq mahsulotlardan tatib ko‘rib, ular ta’miga yuqori baho bermoqda.

29-yanvar kuni yakuniga yetadigan oziq-ovqat sanoati, bog‘dorchilik, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi sohasida dunyodagi eng yirik tadbirda 66 mamlakatdan 1600 dan ziyod eksponat o‘rin olgan.