O‘zbekistonda yangi ixtisoslashgan FUTBOL TV televizon kanali teledasturlarni efirga uzatish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘ldi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo muvofiqlashtiruvchi Kengash yig‘ilishida tegishli qaror qabul qilindi, deb xabar berdi UzReport agentligi “Gazeta.uz"ga.

Yangi kanal orqali ayni paytda UzReport TV telekanali orqali efirga uzatilayotgan Yevropa Chempionlar ligasi, Yevropa Ligasi, Angliya Premer-ligasi va Ispaniya chempionati o‘yinlari translyatsiya qilinadi.

O‘yinlar jonli efirda va yozib olingan holda namoyish etiladi. Bundan tashqari, futbol haqidagi ko‘rsatuvlarni berib borish ham rejalashtirilgan. Bir vaqtda boshlanadigan turli chempionatlarning markaziy uchrashuvlari esa har ikki telekanalda parallel ravishda efirga uzatiladi.

Ayni vaqtda FUTBOL TV telekanali litsenziyasini rasmiylashtirish va texnik-tashkiliy ishlari olib borilmoqda. Kanal joriy yilning martida ishga tushirilishi kutilmoqda.