Prezidentning “Yuridik xizmatlar faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi va yuridik xizmatlar faoliyatidagi o‘zgarishlar 26-yanvar kuni Adliya vazirligida bo‘lib o‘tgan anjumanda muhokama qilindi, deb xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Anjuman ishtirokchilari fikriga ko‘ra, qonun buzilishlarining oldini olishda yuridik xizmatlar faoliyati yetarli darajada emas. Ular tomonidan normativ, shartnomaviy-huquqiy va da’vo ishlari bajarilayotganiga qaramasdan, yuridik xizmatlar xodimlarida yetarli darajada vakolatlar mavjud emas.

Davlat organlari yuristlari moddiy ta’minotning yetarli emasligi oliy ma’lumotli va ish tajribasiga ega malakali kadrlarning jalb qilinishiga to‘sqinlik qilgani, anjuman ishtirokchilarining fikricha, yuridik xizmatlar faoliyati sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Bu quyidagi raqamlarda ham o‘z ifodasini topgan: bugungi kunda davlat organlarida yuridik xizmatlar shtat birliklari miqdori 3300 dan ziyodroqni tashkil etadi, amalda faoliyat ko‘rsatayotgan yuristlar soni esa 2600 nafar atrofida.

Davlat rahbari qarorida ham yuridik xizmatlarni tashkil etishda tartibning yo‘qligi va ular shtat birliklarida normativlarning mavjud emasligi ta’kidlab o‘tilgan. Yuridik xizmatlarda huquqlarning amaliyotga mosligini o‘rganish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash ishlari olib borilmagan. Mazkur sohadagi ishlar huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari tomonidan aniqlangan kamchiliklar va qonun buzilishlarini bartaraf etish bo‘yicha choralarni amalga oshirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Prezidentning yuridik xizmatlar faoliyatini yaxshilash to‘g‘risidagi 19-yanvarda qabul qilingan qarori davlat organlarida yuristlar rolini oshiradi. Endilikda buyruqlar, qarorlar, shartnomalar va boshqa hujjatlar loyihalari majburiy tartibda yuridik xizmatlar tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi. Yuridik xizmatlarning davlat organlari qarorlari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslar huquq va erkinliklariga ta’sir ko‘rsatuvchi xulosasining olinishi majburiy qilib belgilandi.

Davlat organlarida yuridik xizmatlar xodimlarini ishga tayinlash va vazifasidan ozod qilish uchun majburiy tartibda adliya organlari bilan kelishish shart.

Hujjatda yuridik xizmatlar xodimlarining moddiy rag‘batlantirilishi ham belgilangan. Har chorakda ular sudda yoki sudgacha tartibda davlat organlari foydasiga undirilgan mablag‘larning 5 foizi miqdorida mukofotlanadi. Shuningdek, ularning mansab toifalariga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda qo‘shimcha oylik ish haqi belgilanadi.

Yuridik xizmatlar xodimlari mazkur mutaxassislik bo‘yicha uch yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan taqdirda, amaliyot o‘tamagan holda advokatlik litsenziyasini olish bo‘yicha toifa imtihonida ishtirok etishlari mumkin.