Toshkent yer usti jamoat transporti parki joriy yilda siqilgan gazda harakatlanuvchi MAN avtobuslari bilan to‘ldirilishi lozim. Bu haqda payshanba kuni “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi boshqaruv raisi, poytaxt hokimi o‘rinbosari Otabek Sodiqov jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Ayni paytda shahar avtobus parki 1350 mashinani o‘z ichiga oladi. Xususan, 600 dona past polli, katta sig‘imli Mercedes-Benz Conecto Low Floor hamda Samarqand avtozavodida ishlab chiqarilgan 684 dona o‘rta sig‘imli Isuzu avtobusidan foydalanilmoqda.

2015-yil bahoridan buyon Toshkentda turli yo‘nalishlarda MAN avtobuslari sinovdan o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan yilning dekabrida Samarqanddagi MAN Auto-Uzbekistan qo‘shma korxonasi tomonidan mazkur avtobuslarning sinov partiyasi yig‘ilishi boshlanganini ma’lum qildi.

“MAN avtobusi o‘zining ijobiy tomonlarini ko‘rsatdi, — dedi Otabek Sodiqov. — Konstruktiv kamchiliklar mavjud, „O‘zavtosanoat“ va MAN Auto-Uzbekistan bilan birgalikda ularni bartaraf etish ustida ish olib borayapmiz. Ular tutqichlar, darchalar hajmi va konditsionerlar o‘rnatish bo‘yicha mulohazalarimizni qabul qilishdi. Bizning tomonimizdan dvigatellardan foydalanish bo‘yicha takliflar bor. Ularning barchasi qabul qilindi”.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, MAN avtobuslarining ishlab chiqarish joriy yildan boshlanadi. Mazkur loyiha bo‘yicha mamlakat hukumati qarori qabul qilinishi kutilmoqda, dedi “Toshshahartransxizmat” rahbari. Besh dona MAN avtobusi tayyor, yil oxiriga qadar 50 donasi tayyor bo‘lishi lozim.

Joriy yilda 70 ta katta sig‘imli va 140 ta Isuzu avtobusini sotib olish rejalashtirilgan. O‘tgan yili O‘zbekiston poytaxti uchun 80 ta Isuzu xarid qilindi. Qo‘shimcha ravishda, “SamAvto” tomonidan ishlab chiqarilgan past polli SamAuto LE 60 avtobuslarini yetkazib berish to‘g‘risida muzokaralar olib borilmoqda. Ushbu avtobuslar mamlakatning qator shaharlarida foydalanilmoqda.

Toshkentda tramvaylar harakati qayta yo‘lga qo‘yiladimi, degan savolga javob berar ekan, Otabek Sodiqov bu borada hozircha hech qanday so‘z bormayotganini ta’kidladi. Ayni paytda, 2030-yilgacha shaharning yagona transport tizimi doirasida poytaxt atrofi bo‘ylab elektr poyezdi halqa yo‘li qurilishini eslatib o‘tdi.