O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Bobur bog‘ini Do‘stlik bog‘i deb atashni taklif qildi. O‘z navbatida, shahar markazidagi sobiq hayvonot bog‘i o‘rnida barpo etilayotgan yangi bog‘ Bobur nomi bilan ataladi.

«Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida Navro‘z bayrami arafasida ochiladigan yangi bog‘ endi buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan ataladi», — dedi Prezident seshanba kuni Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilganining 25 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuvdagi nutqida.

Prezident ilgari «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyatiga tegishli bo‘lgan Bobur ko‘chasidagi binoni Respublika baynalmilal madaniyat markaziga berishni va uni Do‘stlik saroyi deb nomlashni taklif etdi.

«Ana shu binoning yonida joylashgan va mustaqillik yillarida Respublika baynalmilal madaniyat markazi o‘zining ko‘plab tadbirlarini o‘tkazib kelayotgan bog‘ni „Do‘stlik bog‘i“ deb nomlashni taklif qilaman», — dedi davlat rahbari.