Mamlakatdagi bir qator muassasalar va ob’yektlarga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomi beriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 25-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida"gi qarorida shu haqda so‘z ketadi.

Islom Karimov nomi beriladigan muassasa va ob’ektlar

  • Toshkent davlat texnika universiteti;
  • Asaka shahridagi avtomobil zavodi;
  • Farg‘ona shahridagi San’at saroyi;
  • Toshkent xalqaro aeroporti;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy ko‘chalar.

Samarqandda Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasi barpo etiladi.

Islom Karimov siymosini yaratish bo‘yicha xalqaro ijodiy tanlovda g‘olib deb topilgan haykallar Toshkent, Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan Samarqand va u kishi Qashqadaryo viloyatining birinchi rahbari bo‘lib ishlagan Qarshida o‘rnatiladi.

Birinchi Prezident ko‘p yillar davomida faoliyat olib borgan Toshkentdagi Oqsaroy qarorgohida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etiladi. Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi ham ushbu manzil bo‘yicha joylashtiriladi.

Bundan tashqari, Samarqandda Islom Karimov muzeyi tashkil etiladi.

Har yili Birinchi Prezident tavallud topgan sana — 30-yanvar kunini keng nishonlanib, 2-sentyabr kuni Xotira kuni sifatida yod etiladi.

Qarorga muvofiq, oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi joriy etiladi.

Islom Karimovning hayoti va faoliyati haqida ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli va badiiy filmlar yaratish, Islom Karimov siymosi aks ettirilgan maxsus pochta markalarini chiqarish rejalashtirilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, qaror “xalqimizning samimiy tilaklari va xohish-irodasidan kelib chiqib, ona Vatanimiz mustaqilligi, el-yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi buyuk tarixiy xizmatlarini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, O‘zbekiston Qahramoni Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini abadiylashtirish maqsadida” qabul qilindi.

Unda ta’kidlanishicha, Birinchi Prezidentning so‘nmas xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, mamlakat fuqarolaridan ko‘plab takliflar tushmoqda.

“Mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining ulug‘ va ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov Vatanimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tikladi. Buyuk Yo‘lboshchimiz g‘oyat qaltis va tahlikali bir vaziyatda og‘ir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda O‘zbekistonni jadal va barqaror sur’atlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirdi”, — deyiladi qarorda.

“Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida o‘chmas iz qoldirdi. U nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obro‘-e'tiborga sazovor bo‘lgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanildi”, — deya qayd etilgan hujjatda.