Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘oniston Prezidenti va boshqa rasmiy shaxslar bilan uchrashdi. BU haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Prezident Muhammad Ashraf G‘ani qabulida ikki tomonlama hamkorlikni turli yo‘nalishlarda rivojlantirish, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari muhokama etildi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston rahbarlarining siyosiy irodasi sharofati bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning butkul yangi sur’at va xususiyat kasb etgani ta’kidlandi. Bu siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning jadallashganida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Abdulaziz Kamilov Muhammad Ashraf G‘aniga Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishi haqidagi taklifnomani topshirdi.

Tashrif doirasida qisqa muddat ichida tashqi savdo aylanmasi ko‘rsatkichlarini 1,5 mlrd AQSH dollariga yetkazish imkonini beradigan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy «Yo‘l xaritasi» imzolandi. 2016 yil yanvar-oktyabr oylarida bu ko‘rsatkich 429 mln dollarni tashkil etgan edi.

Bundan tashqari, qo‘shma temir yo‘l va avtomobil yo‘li loyihalarida O‘zbekiston tomoni ishtirokini ko‘zda tutadigan Transport infratuzilmasi sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadlari to‘g‘risidagi Protokol; Xavfsizlik masalalari bo‘yicha Qo‘shma komissiya tuzish maqsadlari to‘g‘risidagi protokol; O‘zaro anglashuv to‘g‘risida vazirliklararo memorandum; Narkotik vositalar, psixoterapik moddalar va ularning preskursorlarini noqununiy aylanishiga qarshi kurashda hamkorlik to‘g‘risida ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida Bitim imzolandi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston biznes tuzilmalari vakillari tomonidan dori vositalari va tibbiy jihozlar, «tez yordam» avtomobillari, bug‘doy, elektrmaishiy texnikasi yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 49,3 mln AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolandi.

Shuningdek, «O‘zsanoateksport» AJ savdo uyining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Savdo uyi binosida O‘zbekiston tadbirkorlari mahsulotlarining doimiy faoliyat yuritadigan «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» ko‘rgazmasini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Prezidentning maxsus vakili Muhammad Shokir Korgar va tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.