O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-yanvar kuni Respublika Baynalmilal madaniyat markazining 25 yilligi munosabati bilan milliy madaniy markazlarning bir guruh faollarini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Mamlakatda millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun bir fuqaro “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, bir kishi “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” unvoni bilan taqdirlandi.

O‘zbekistonda bag‘rikenglik, tinchliksevarlik va insonparvarlik muhitini mustahkamlash, milliy madaniyatlar, urf-odat va an’analarning o‘ziga xosligini saqlash va rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun bir kishi “Mehnat shuhrati” ordeni, to‘qqiz kishi “Do‘stlik” ordeni, milliy madaniyat markazlarining 12 nafar faoli esa “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.