O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya Prezidenti Yanosh Aderga Italiya shimolidagi Verona provinsiyasida Vengriya fuqarolarini olib ketayotgan avtobusning yo‘l-transport hodisasiga uchrashi oqibatida ko‘plab insonlarning qurbon bo‘lganligi munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamda jarohat olganlarga samimiy hamdardlik va dalda so‘zlarini yetkazishni so‘radi.

Italiyada 21-yanvar kechasi Fransiyadan Vengriyaga yo‘l olgan sayyohlik avtobusi estakada to‘sig‘iga borib urilib, yonib ketgan. Yo‘lovchilar orasida 14 dan 18 yashgacha maktab o‘quvchilari, ota-onalar va o‘qituvchilar, jami 55 kishi bo‘lgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 16 kishi hayotdan ko‘z yumgan.