O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20−21-yanvar kunlari hududdagi ishlar holati bilan tanishish uchun Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, davlat rahbari tashrifning ikkinchi kuni Nukus shahrida quriladigan polimer mahsulotlari zavodi uchastkasiga tashrif buyurdi. Ushbu zavodda yiliga 8 ming tonna polietilen truba, qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqariladi. Zamonaviy texnologiya bilan jihozlanadigan korxonada yuzdan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Shavkat Mirziyoyev energiya tarmog‘i mahsulotlari ishlab chiqaradigan zavod loyihasi bilan ham tanishdi. Bu yerda Yaponiya, Shveysariya, Italiya kabi mamlakatlarda tayyorlangan texnologiyalar asosida zamonaviy transformatorlar, fotoelektrostansiya detallari, avtomatik elektr hisoblagichlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Prezident zavodlar pudratchi va quruvchilar bilan suhbatlashib, ushbu mas’uliyatli ishda ularga kuch-g‘ayrat va muvaffaqiyatlar tiladi. Korxonalarni mamlakat mustaqilligining 26 yilligi bayramiga foydalanishga topshirish lozimligi alohida ta’kidlandi.

Davlat rahbari rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgan Nukus temir yo‘l vokzalini borib ko‘rdi. Bu yerda yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, xizmat turlarini ko‘paytirish va xizmat ko‘rsatish madaniyatini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Ibroyim Yusupov nomidagi iqtidorli bolalar maktabi qurilish uchastkasiga tashrif buyurdi. Maktab loyihasini takomillashtirish, xususan, bino oldida maydon barpo etish va bu yerda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov haykalini o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Maktab bazasida kichik bosmaxona tashkil etib, turli adabiyotlarni tarjima qilib, chop etish lozimligi ta’kidlandi.

Prezident Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialida ham bo‘ldi. Bu yerda ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi, o‘yin maydonchasi, mehmonxona bunyod etilmoqda. Institutda haqiqiy ilmiy muhit yaratish, xorij tajribasini o‘rganish, xalqaro klinikalar bilan hamkorlikni rivojlantirish, onalar va bolalar salomatligini samarali muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Davlat rahbari O‘zbekiston Prezidentining Qoraqalpog‘istondagi xalq qabulxonasini borib ko‘rdi. Bu yerda fuqarolarni qabul qilish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va saqlash zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tashkil etilgan. Ona va bola xonasi, tibbiyot xonasi va boshqa xonalarda zarur sharoitlar, nogironlar uchun alohida qulayliklar yaratilgan.

Har bir murojaatni adolatli ko‘rib chiqish va hal etish, rahbarlarning murojaatlar bilan ishlashini tahlil qilib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shundan so‘ng Prezident Nukusdagi Yernazar Olako‘z ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi bilan tanishdi. Rejaga ko‘ra, ushbu markaziy ko‘cha kengaytirilib, transport harakati uchun yanada qulaylik yaratiladi. Yo‘l bo‘yida ko‘p qavatli uylar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari quriladi.

Davlat rahbari Imom Eshon Muhammad masjidida nuroniylar bilan suhbatlashdi. Unda keksalarni e’zozlash, yoshlar tarbiyasi haqida so‘z bordi.