Tennischi Denis Istomin Pablo Karreno-Busta (30) ustidan erishilgan g‘alaba va Avstraliya Ochiq chempionati to‘rtinchi choragiga chiqqanidan so‘ng bergan uchrashuvdan keyingi intervyusi musobaqa matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

— Katta uchrashuvdan keyin yana g‘alabaga erishish qiyin kechdimi?

— Psixologik tomondan og‘ir bo‘ldi, biroq Karreno ham ajoyib o‘yinchi. Novak ustidan erishgan g‘alabamdan so‘ng yengilishni istamas edim. Mening tiklanishim muvaffaqiyatli kechdi. O‘ylaymanki, ancha yaxshi o‘ynadim. Albatta, sharoitlar boshqacha bo‘ldi. Markaziy kort avvalgisiga qaraganda sekinroq (koptok kortdan pastroq tezlikda sakraydi — tah.) edi, shuning uchun Novak bilan uchrashuvdagi kabi zarbani qaytara olmadim. Biroq oxir-oqibat, baxtiyormanki, g‘alaba qozondim.

— Buni qanday uddaladingiz? Odatda bunday katta g‘alabadan keyin o‘yinchilar keyingi uchrashuvda unchalik ham yaxshi ko‘rinmaydi.

— Men kimni yutganim va nima qilganimni o‘ylamagan holda kelgusi o‘yinga e’tibor qaratishga harakat qildim. Novak ustidan g‘alabani keyinroq nishonlayman, hozir esa har bir uchrashuvda o‘z o‘yinimni ko‘rsatish va g‘alaba qozonishim kerak.

— Jokovich bilan o‘yindan keyin nima qildingiz? Qanday qilib tiklandingiz?

— Birinchi navbatda yaxshilab dam oldim. Ko‘pchilik bunday uchrashuvdan keyin qanday xordiq chiqarganimni so‘radi. Taajjub, biroq ha. Keyingi kuni 40 daqiqacha shug‘ullandim. Ovqatlandim, ko‘p suyuqlik ichdim, dam oldim. Hammasi odatdagidek.

— O‘zingizni qanday his etayapsiz?

— Birinchi set boshlanganida mushaklarimda bir oz noqulaylikni his etdim, biroq besh geymdan keyin hammasi o‘tib ketdi.

— Vatandoshlaringiz Novak ustidan erishgan g‘alabangizga qanday munosabatda bo‘ldi? Aftidan juda ko‘p maktub, xabar va telefon qo‘ng‘iroqlarini qabul qildingiz?

— Ko‘p. Juda ko‘p. Ayniqsa Feysbukda. Har biriga javob qaytarishga vaqtim yo‘q edi, shuning uchun shunchaki layk qoldirdim — barchaga rahmat. Har kimga javob qaytara olmaganim uchun uzr.

— Avval ham ketma-ket 5 setlik uchrashuvlar bo‘lganmi yoki bu birinchisimi?

— Bu «Uimbildon"da bo‘lgan edi. Yilini eslay olmayman. Men Vavrink va Shuttlerni besh setda mag‘lubiyatga uchratdim, biroq yana besh setlik uchrashuvda Berdixga yutqazdim. Bu katta tajriba bo‘lgan.

— Bo‘lg‘usi raqibingiz haqida nimalarni bilasiz?

— Ularning ikkisidan ham mag‘lubiyatga uchraganman. Risharga 5−6 marta yutqazib, faqat bir marta g‘alaba qozonganman. Grigorni 17 yoshligimda «Chellejer"da mag‘lubiyatga uchratganman. Og‘ir o‘yin bo‘lgan edi. Biroq Shanxayda undan mag‘lubiyatga uchraganman. Ular top- 10 dan o‘rin olgan qariyb bir xil darajadagi o‘yinchilar. So‘nggi uchrashuvlarimdagi kabi o‘yin ko‘rsatishga harakat qilaman, keyin esa ko‘ramiz.

— Siz Jokovichni mag‘lubiyatga uchratdingiz va 5 setlik uchrashuvda yana g‘alaba qozondingiz. Australian Open’da g‘alaba qozona olasizmi?

— Bu savolga javob bera olmayman. Ya’ni, bu yerga bir necha uchrashuvda g‘alaba qozonish uchun keldim, ehtimol turnirda g‘olib bo‘larman. Biroq hozir bu haqda o‘ylamayman. Mening barcha e’tiborim kelgusi o‘yinga qaratilgan.

— Bugungi g‘alabangizdan so‘ng murabbiyingiz (Klavdiya Istomin — tah.) nima dedi?

— U yana «barakalla» dedi (kuladi).

— Uni hayron qoldirish mumkinmi?

— Ehtimol Australian Open’da g‘alaba qozonsam hayron bo‘lar. Lekin bunga ishonmayman.

Uchrashuvning eng yorqin lahzalari