O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 2016-yil 12-oktyabrdagi qarori bilan 39 ming 748 kishiga nisbatan amnistiya akti qo‘llanildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi professori, yuridik fanlar doktori Aziz Mirzayev “Pravda Vostoka” gazetasidagi maqolasida so‘z boradi.

Jumladan, 5408 nafar ayol kishi, jinoyat sodir bo‘lganida 18 yoshni qarshi olmagan 893 nafar va 1045 nafar 60 yoshdan oshgan shaxs jazodan ozod qilindi.

Amnistiya to‘g‘risidagi aktda birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, shuningdek, amnistiya to‘g‘risidagi qaror kuchga kirguniga qadar bir yildan kam bo‘lmagan vaqt ichida jazoni ijro etish muddatini o‘tashga to‘sqinlik qiluvchi kasallikka chalingan bemorlar ham jazodan ozod qilinishi belgilangan edi. Mazkur band bo‘yicha 144 kishi amnistiya qilindi.

Maqolada qayd etilishicha, sudlar prokuratura, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash organlari va boshqa tuzilmalari bilan hamkorlikda amnistiya qo‘llanilgan shaxslar bilan tegishli ishlarni amalga oshirmoqda. Silga chalingan hamda birinchi va ikkinchi guruh dispanser hisobida turuvchi kishilar maxsus davolash muassasalariga yuboriladi. Yolg‘iz kishilar “Saxovat” yoki “Muruvvat” uylariga joylashtiriladi. Voyaga yetmaganlar esa ota-onasi yoki vasiylik organlari nazorati ostida bo‘ladi, zarurat tug‘ilgan taqdirda, maxsus ta’lim muassasalariga yuboriladi.