Payshanba kuni Berlinda ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan “Yashil haftalik-2017” (Grüne Woche) 82-xalqaro qishloq xo‘jaligi yarmarkasida mazkur soha an’analari va innovatsiyalari asosiy diqqat markazidan joy olgan.

Oziq-ovqat sanoati, bog‘dorchilik, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi sohasida dunyodagi eng yirik tadbirda 66 mamlakatdan 1650 eksponat o‘rin olgan. Haftalik ochilishiga 3000 dan ziyod kishi tashrif buyurdi. 118 ming kv. m maydonni egallagan yarmarkaga 10 kun ichida 400 mingdan ziyod kishining tashrif buyurishi kutilmoqda.

Yarmarka ochilishida barcha ishtirokchi davlatlar ro‘yxati namoyish etildi.

Mazkur yarmarkada o‘z milliy stendini joylashtirgan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan hukumat vakillari, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekoziqovqatxolding”, “O‘zagroeksport” va “O‘zvinosanoat-xolding” kompaniyalari rahbariyati hamda qator ishlab chiqaruvchilar o‘rin olgan.