O‘zbekistonda pasport-viza, xorijga chiqish va kirish tizimini takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Bunga Prezidentning ayni paytda muhokamada bo‘lgan 2017−2021-yillarda mamlakatni yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risidagi farmoni loyihasi guvohlik bermoqda. Ta’kidlanishicha, mutasaddi organlar joriy yilning uchinchi choragigacha mazkur masala yuzasidan taklif tayyorlamoqda.

Loyihada keltirilishicha, ichki va xorijga chiqish pasportlarini berish tartibini joriy qilgan holda xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish tartibini bekor qilish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, alohida asoslar bo‘yicha xorijga chiqish huquqini sud tomonidan cheklash tartibini kiritish taklif qilingan.

Hujjatga ko‘ra, ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy AKTni, chegara nazorati organlariga yo‘lovchilar xaqida dastlabki ma’lumotlarni taqdim etish amaliyotini, avtomatlashtirilgan pasport nazorati kabinasini, chegarani kesib o‘tayotganlarni qidiruvda bo‘lgan shaxslar fotobazasi bilan solishtirish tizimini joriy etgan holda aeroport va temir yo‘l vokzallarida pasport nazorati tizimini soddalashtirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, jismoniy shaxslar uchun bojxona hududiga kirib kelish va uni tark etish bo‘yicha “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimini amaliyotga tadbiq etish belgilangan.

Qayd etilishicha, mazkur choralarni amalga oshirish xorijga chiquvchi fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning huquq va erkinliklari kafolatlarini mustahkamlash, chegara nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish va samarasini oshirish, shuningdek turizm sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonni yanada rivojlantirish harakatlar strategiyasi to‘g‘risidagi farmon loyihasi muhokamasida barcha xohlovchilar ishtirok etishi mumkin.