O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Prezidenti Serjo Mattarellaga Gran-Sasso-d'Italiya tog‘li massividagi qor ko‘chishi oqibatida insonlarning halok bo‘lishi munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etilgan maktub yo‘lladi.

TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbari qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamda jarohatlanganlarga samimiy hamdardlik va qayg‘udoshlik so‘zlarini yetkazishni so‘radi.

Chorshanba kuni Italiyaning markaziy qismida kuchli yer silkinishidan so‘ng sodir bo‘lgan qor ko‘chkisi ichida 34 kishi bo‘lgan mehmonxonani bosib qoldi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, qutqaruvchilar binoda qamalib qolgan olti nafar kishini topishga muvaffaq bo‘ldi.