O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myullerni qabul qildi, deb xabar berdi UzReport.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida fikr almashilib, sherikchilik munosabatlarining yetakchi yo‘nalishlarini kengaytirish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

O‘zbekiston va JB ayni paytda JBning 2,8 mlrd dollarlik mablag‘lari jalb qilingan elektroenergetika, irrigatsiya va kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish, suv ta’minoti, ishlab chiqarishni rivojlantirish, transport va ijtimoiy infratuzilmalar kabi yo‘nalishlardagi 33 ta qo‘shma loyihani amalga oshirmoqda.

Amalga oshirilgan va davom ettirilayotganlar qatorida «Talimarjon IES — So‘g‘diyona NS» yuqori quvvatli elektr tarmog‘i qurilishi, Buxoro va Samarqand kanalizatsiya va suv ta’minoti tizimlarini rivojlantirish, Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarish, «Angren-Pop» temir yo‘lini elektrlashtirish, qishloq xo‘jaligi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash va meva-sabzavot yetishtirishni rivojlantirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi loyihalarni sanab o‘tish mumkin.

O‘tgan yili 2020 yilga qadar hamkorlik dasturi qabul qilingan bo‘lib, undan umumiy qiymati 4 mlrd dollar bo‘lgan 27 ta ustuvor loyiha o‘rin olgan. Mazkur loyihalar uchun Jahon bankining 3 mlrd dollar hajmdagi kreditlari ajratiladi.

JB vitse-prezidenti O‘zbekistonda kichik biznesni rivojlantirish, qulay tadbirkorlik va investitsion muhitni yaratishni tezlashtirish bo‘yicha yaqinda qabul qilingan chora-tadbirlar ahamiyatini qayd etib o‘tdi.