Cheklangan narxlarda sotuvga chiqariladigan mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarning narxi o‘tgan yilning yanvari bilan solishtirilganda 8 foizdan 44 foizgacha pasaydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari va tibbiy buyumlar sifatini nazorat qilish Bosh boshqarmasi boshlig‘i Habibullo Jalilov ma’lum qildi.

Prezidentning 31-oktyabrdagi “Aholini dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, 1 yanvardan tibbiyotda keng qo‘llaniladigan 300 dan ortiq nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar joriy etildi.

Narxlar davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni tizimli asosda nazorat qilish bo‘yicha tashkil etilgan Respublika komissiyasi tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun jahon narxlari kon’yunkturasini tahlil qilish asosida o‘rnatilgan tartibda har chorakda belgilanadi.

“Keyingi vaqtlarda bemorlarga retsept yozishda mavjud me’yor-qoidalarni buzish, mahalliy mahsulotlar qolib, chet elda ishlab chiqarilgan dori-darmon vositalarini buyurish holatlari ko‘paygan edi. Qolaversa, dorixonalarda pereparatlar bahosining turlicha ekani aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi”, — dedi Habibullo Jalilov.

Endilikda chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakat ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi.

Respublikadagi barcha 5500 ga yaqin dorixonalarda “Iste'molchilar burchagi” tashkil etilib, unda barcha dorixonalar uchun majburiy bo‘lgan eng zarur dori vositalari va tibbiy buyumlarning minimal ro‘yxati, retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati, belgilangan narxlarda sotiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlarning cheklangan narxlarining osib qo‘yilishi ta’minlanmoqda.