O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-yanvar kuni “Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki ob’yektlarini xarid qilishni yanada soddalashtirish va jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda Davlat raqobat qo‘mitasi axborot xizmati xabar qildi.

Qaror xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, davlat mulki ob’yektlarini sotishni yanada soddalashtirish va jadallashtirish, ularni davlat ro‘yxatidan chiqarishdagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, xususiy mulk sifatida xarid qilingan ob’yektlarda raqobatbardosh mahsulotlar va xizmatlarni tashkil etish uchun qulay sharoitlarni yaratish maqsadida qabul qilindi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan davlat mulki ob’yektlarini, jumladan “nol” qiymat bo‘yicha investitsion majburiyatlar yuklatilgan holda sotilishi to‘g‘risidagi buyruqlarni qabul qilish huquqi berildi.

Qarorda davlat mulkini sotib olish bo‘yicha qator jarayonlarni soddalashtirish va qulay sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan. Masalan, asosiy fondlarni modernizatsiya va kapital ta’mir qilgan, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini ochgan davlat mulki ob’yektlari ijarachilariga ijaraga olingan ob’ektda birinchi galda imtiyozli huquqlar taqdim etildi.

Shuningdek, yagona ishtirokchidan davlat mulkini sotish va sotib olish to‘g‘risidagi taklif kelib tushgan taqdirda ham tegishli tartibda shartnoma tuzishga ruxsat berildi. Davlat hisobidan chiqarilgan ob’yektlar bo‘yicha to‘lovlarni uch yil muddatda to‘lab borish ham ko‘zda tutilgan.

Qarorda davlat mulkini xarid qilishning xalqaro amaliyotdagi shakllari, jumladan, fond birjasida aholi va tadbirkorlik faoliyati sub’yektlariga birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) ommaviy aksiya takliflarini e’lon qilishni keng joriy etish belgilangan.