O‘zbekistonda yaqinda fuqarolikka qabul qilingan mamlakat fuqarolariga pasportlar berish boshlandi. Hujjatlarni topshirish marosimi tantanali ravishda tashkil etilib, mamlakatning yangi fuqarolariga guldastalar taqdim etilmoqda.

Toshkentlik Ulugbek Tashmetov, Ilxam Tursunov hamda Nargiza Tursunova poytaxt hokimi Rahmonbek Usmonovdan fuqarolik pasportlarini tantanali ravishda qabul qilib oldi. Shahar ma’muriyati matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Ulug‘bek Tashmetov bundan 24 yil avval qo‘shni davlatdan O‘zbekistonga ko‘chib kelgan. “Men shu paytgacha shu yurt uchun qancha xizmat qilgan bo‘lsam, endi u mening haqiqiy vatanim, ona yurtim bo‘ldi. Mening yurtim taraqqiyotiga qo‘shajak mehnatim yana o‘n chandon oshishiga so‘z beraman”, — dedi u.

Jizzax viloyatida uch kishi pasportni qabul qilib oldi. Yuriy Ten, Anvarboy Ikromov va Muhabbat Qo‘shoqovaga viloyat hokimi Ulug‘bek Uzoqov pasportlarni topshirdi.

Foto: Jizzax viloyati hokimiyati.

Namangan viloyati hokimiyatida O‘zbekistonning yangi 13 fuqarosiga pasportlar topshirildi. Ularni viloyat hokimi Xayrulla Bozorov qutladi. Fuqarolar uzoq yillar kutgan ushbu kunni eng baxtli bayramga aylanganini ta’kidlashdi.

Foto: Temurmalik Vohidov.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida"gi farmonni imzolagan edi. Hujjatda 179 kishining nomi keltirib o‘tilgan.