Toshkentning Yashnobod va Olmazor tumanlarida innovatsion texnoparklar paydo bo‘lishi mumkin. Prezidentning shu haqdagi qarori loyihasi muhokama uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtirildi. Mazkur qaror loyihasi O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi tomonidan tayyorlandi.

Yashnobod tumanida materialshunoslik, elektron jihozlar va kontrollerlar, oziq-ovqat va biologik faol qo‘shimchalar hamda dori vositalari sohasida tadqiqotlar o‘tkazish, kichik innovatsion ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga mo‘ljallangan innovatsion texnopark bunyod etish rejalashtirilmoqda.

Olmazor tumanidagi innovatsion texnoparkda esa metallarni qayta ishlash, energiyani tejash texnologiyalari, muqobil energiya manbalari va elektron o‘lchash jihozlari, robot texnikasi, mashinasozlik va elektronika sohasidagi tadqiqotlar olib boriladi.

Texnoparklar qurilishi va faoliyati davlat byudjeti, innovatsion tadqiqotlar va mahsulotlar buyurtmachilari, chet el grantlari, investorlar va tijoriy banklarning imtiyozli kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi.