2017-yildan O‘zbekiston fuqarolari uchun haj kvotasi 5200 o‘rniga 7200 nafar qilib belgilandi. Bu haqda mamlakat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur qaror “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan so‘nggi yillarda haj ziyoratiga borish istagini bildirganlar sonining ortib borayotgani munosabati bilan qabul qilindi. Shuningdek, mazkur qarorning qabul qilinishida mustaqillik yillarida fuqarolar turmush darajasining yuksalishi, aholi sonining o‘sishi, ular tomonidan haj va umra safarlariga borish istagida amaliy yordam so‘rab ko‘plab murojaatlar qilinayotgani ham e’tiborga olingan.

Yana bir o‘zgarish — O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” fondi takliflariga binoan, joriy yilda bir va undan ortiq marotaba haj va umra safarlariga borgan shaxslarning muborak ziyoratlarga borishi kechiktirib turilishi haqida qaror qabul qilindi.

Islom dini ta’limotlariga ko‘ra, har bir musulmonga umrida bir marta haj ziyoratini amalga oshirish farz qilingan. Aksariyat musulmon mamlakatlarida, jumladan, Saudiya Arabistoni Podshohligida fuqarolarga 5 yilda bir marta haj qilish mumkinligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

“Umid qilamizki, yurtdoshlarimiz haj va umra ibodatlarini ado etmagan fuqarolarga keng imkoniyatlar yaratib berish maqsadida Jamoatchilik kengashining umra va haj safarlarini tashkil etish bilan bog‘liq bu yilgi qarorini to‘g‘ri tushunadilar”, — deyiladi xabarda.