2016-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning iqtisodiy jihatdan faol aholisi soni 13,298 million kishini tashkil etib, 2015-yilning xuddi shu davriga nisbatan 1,8 foiz ko‘proq o‘sishga erishildi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati xabar qildi.

Davlat sektorida bandlar ulushi 17,7 foizni (2015-yilda 17,9 foizni tashkil etgan), nodavlat sektorida 82,3 foizni (82,1 foiz) tashkil etdi.

O‘tgan yil davomida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikda ish bilan bandlar ulushining jami bandlar soniga nisbatan 78,1 foizgacha (2015-yilda 77,9 foizni tashkil etgan) o‘sishiga erishildi.

Ish bilan bandlar soni quyidagi iqtisodiy faoliyat turlari: tashish va saqlash, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar, qurilish, axborot va aloqa va savdo bo‘yicha sezilarli darajada o‘sgan.

Iqtisodiy faoliyat turlari kesimida ish bilan bandlar ulushi qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 27,7 foizni, sanoatda 13,6 foizni, savdoda 10,9 foizni, qurilishda 9,5 foizni, ta’limda 8,3 foizni tashkil etgan.

Ish bilan bandlar sonining iqtisodiy faol aholi sonidagi ulushi 94,8 foizni, mos ravishda respublikada ishsizlik darajasi 5,2 foizni tashkil etgan.