2016-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 7,8 foizga o‘sdi. Bu haqda O‘zA 14-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisi haqidagi xabarda ma’lum qildi.

Sanoat mahsuloti hajmlari — 6,6 foizga, qurilish-pudrat ishlari — 12,5 foizga, chakana savdo aylanmasi — 14,4 foizga, xizmatlar — 12,5 foizga o‘sdi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi ta’minlandi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmadi va 5,7 foizni tashkil etdi.

Iqtisodiyotga 16,6 milliard AQSH dollari miqdorida yoki 2015 yilga nisbatan 9,6 foizga ko‘p investitsiyalar yo‘naltirildi. O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 11,3 foizga o‘sdi va 3,7 milliard dollardan oshib ketdi. Umumiy qiymati 5,2 milliard dollar bo‘lgan 164 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish yakunlandi.

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish hajmlari 6,6 foizga, jumladan, meva-sabzavot — 11,2 foizga, kartoshka — 9,7 foizga, sabzavot mahsulotlari yetishtirish 10,4 foizga o‘sdi.

2016-yilda 32 mingtaga yaqin yoki 2015-yilga nisbatan 18 foizga ko‘p kichik biznes sub’ektlari tashkil qilinishiga turtki bo‘ldi. Kichik biznesning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi hissasi 56,9 foizgacha, sanoatda esa 45 foizgacha oshdi.

Aholining real daromadlari 11 foizga oshdi. Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi 15 foizga, pensiya va ijtimoiy nafaqalar — 12,1 foizga, aholi jon boshiga real daromadlar — 11 foizga o‘sdi, 726 ming nafarga yaqin aholining, shu jumladan, 438,5 ming kollej bitiruvchisining bandligi ta’minlandi.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasidagi chora-tadbirlar kompleksini moliyalashtirishga barcha manbalar hisobidan 8 trillion so‘m va 212 million dollar mablag‘ yo‘naltirildi.