O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni hukumatning kengaytirilgan majlisida ijtimoiy sohadagi muammolarga diqqat qaratdi.

Prezident bosh vazir o‘rinbosari va sog‘liqni saqlash vaziri Adham Ikromovga murojaat qilar ekan, bir qancha savol va muammolarni o‘rtaga tashladi.

Xususan, o‘tgan yillar davomida sog‘liqni saqlashning quyi bosqichlari, eng avvalo qishloq vrachlik punktlarida samarali islohotlarning o‘tkazilmagani, hozirgi kunda QVPlarda 2500 nafar shifokorning yetishmasligi, ular zarur uskuna va dori vositalari bilan yetarlicha ta’minlanmagani qayd etib o‘tildi.

Diagnostikaning past darajada ekani va malakali shifokorlar yetishmasligi sababli 30 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarolari xorijda davolanishga majbur bo‘lgani, buning uchun oila byudjetidan katta miqdordagi mablag‘larni sarflayotganini ta’kidladi.

“Qachon siz barcha tez tibbiy yordam bo‘limlarida tartib o‘rnatib, barqaror ishlashini ta’minlaysiz? Nima uchun ular bemorlarga haqiqatdan ham zarur yordamni ko‘rsata olmayapti?” — deb so‘radi u.

“Qachon tibbiy xodimlar o‘rtasida salbiy holatlarga barham beriladi? Faqatgina 2016 yilda mazkur sohada 174 jinoiy ish qo‘zg‘atildi”, — dedi Prezident. Shavkat Mirziyoyev tug‘ruqxona majmualaridagi ta’magirliklarni alohida ta’kidlab o‘tdi.

Nima uchun jiddiy ekologik muammolarga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti? “Ular insonlar salomatligi va respublikada qulay epidemiologik vaziyatning ta’minlanishiga ta’sir ko‘rsatmaydimi?”

Yana bir savol aholini dori-darmon vositalari bilan ta’minlashdagi muammolar yuzasidan bo‘ldi. “Nima uchun shaxsan siz va „Dori-darmon“ kompaniyasi rahbari Abdug‘ani Komilov panja ortidan qarab, 45 foiz qimmat preparatlar import qilinayotgan va yuqori baholarda sotilayotgan dorixonalar tarmoqlari ishidagi jiddiy muammolarni bartaraf etish uchun amaliy choralar qo‘llamayapsiz?”

Jismoniy tarbiya va sport sohasida so‘nggi yillarda muayyan yutuqlarga erishildi, davom ettirdi davlat rahbari. “Biroq so‘nggi Olimpiadada sovrinlar faqatgina og‘ir atletika, boks, qurash va dzyudodan qo‘lga kiritildi. Bunga sabab nima?” U mazkur muammolarni chuqur o‘rganishni buyurdi.

Shavkat Mirziyoyev shifokorlar va boshqa tibbiy xodimlarning ham respublikaning, ham xorijning ilg‘or shifoxonalarida malaka oshirishini ta’minash, zarurat tug‘ilganda ularni moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha amaliy tizimni yaratish yuzasidan kompleks choralarni qabul qilish vazifasini topshirdi.

“Nazorat qiluvchi organlar bilan birgalikda 340 turdagi dori vositalari va tibbiyot buyumlarining belgilangan narxlarda sotilishi ustidan qat’iy tartib o‘rnatishga to‘g‘ri keladi. Mamlakatning har bir fuqarosi qabul qilayotgan qarorlarimizning amaliy foydasini his etishi shart”, — davom ettirdi u.