14−15-yanvar kunlari Bokuda (Ozarbayjon) 16−18 yoshli kadetlar o‘rtasida erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha Mushvig Isayev xotirasiga bag‘ishlangan XX xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistondan 300 nafardan ziyod sportchilar o‘zaro bellashdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston termasi 3 ta oltin, 4 ta kumush va 5 ta bronza, jami 12 medalni qo‘lga kiritgan holda umumiy hisobda uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Yunon-rum kurashi bo‘yicha musobaqada Laziz Toshkentboyev (42 kg vazn toifasida) va Sharofiddin Ernazarov (100 kg) musobaqa g‘olibiga aylandi. Akmal Akramov (54 kg) va Yergali Ayximbayev (76 kg) kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Eldor Karimov (46 kg), Javohir Samatov (58 kg) va Muhammadqodir Rasulov (63 kg) “bronza"ga ega bo‘ldi.

Erkin kurashda Umid Jalolov (42 kg) musobaqa chempioni bo‘ldi. Jamshid Ma’rufov (50 kg) va Feruz Yoqubov (58 kg) kumush medalni qo‘lga kiritdi. Arslon Rahimov (46 kg) va Ixtiyor Normurodov (63 kg) bronza medaliga sazovor bo‘ldi.