O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida hukumat faoliyatini tanqid ostiga oldi.

Bosh vazir o‘rinbosari, eksport salohiyatini va mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi rahbari, “O‘zavtosanoat” kompaniyasi boshqaruvi raisi Ulug‘bek Rozuqulov xayfsan oldi.

“Mening sizga eng katta e’tirozim -eksport bilan sayoz shug‘ullanayapsiz”, — dedi Prezident. “Bosh vazir o‘rinbosari o‘zini qiynasa natija bo‘ladi”.

Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari, geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi rahbari G‘ulomjon Ibragimovga ham xayfsan e’lon qilindi.

“Agar yana balandparvoz gaplar bilan ketsak, ertaga mamlakatda barqarorlikni ta’minlay olmaymiz. Keyin kech bo‘ladi”, — dedi Prezident. Belgilangan vazifalarni bajara olmasa, “bizga bunday bosh vazir o‘rinbosari mutlaqo kerak emas”, dedi u.

Faoliyatida ko‘plab kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun “O‘zneftmahsulot” kompaniyasi rahbari Baxtiyor Sultanov ishdan olindi.

““O‘zneftmahsulot"ning 1 trln so‘m qarzdorligi bor. Davlatning puliku bu”, — dedi Prezident. “Nima uchun besh yildan buyon birorta yangilik yo‘q?” — qayd etdi u.

Davlat rahbari ta’biri bilan aytganda, faoliyati “zamon talablariga mutlaqo javob bermaydigan” “O‘zeltexsanoat” kompaniyasi rahbari Erkin Iminov ham vazifasidan ozod qilindi.

“Katta ishonch bilan sizga ushbu lavozimni bergan edim”, — deb qayd etdi Shavkat Mirziyoyev va qo‘shimcha qildi: “Bunday temp bilan oldimizga qo‘ygan katta marralarga yeta olmaymiz”.

Prezident “O‘zkimyosanoat” rahbari Normat Ibragimovni ham vazifasidan ozod qilishni taklif etdi. Mamlakat rahbari qishloq xo‘jaligi uchun fosforli o‘g‘itlarni yetkazib berish va ular tanqisligi, mineral o‘g‘itlar narxining bir necha marotaba ortishi bilan bog‘liq noroziligini bildirib o‘tdi.

Bir qator amaldorlar faoliyati ham jiddiy tanqid ostiga olindi. “Dunyoda shiddat bilan o‘zgarayotgan vaziyat bizning oldimizga murakkab savollarni qo‘ymoqda. Bizning eng katta vazifamiz xalqning ishonchini qozonishdan iborat. Endi eskicha ishlay olmaymiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.