2−12-yanvar kunlari Brisbenda (Avstraliya) standart shaxmat bo‘yicha 2017 Australian Open Championship xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda 15 mamlakatdan 103 sportchi ishtirok etdi. 11 tur yakunlari bo‘yicha 4 ishtirokchi 8,5 ochkodan to‘pladi, biroq ularning eng yoshi — o‘zbekistonlik 16 yoshli xalqaro usta Temur Qo‘yboqarov g‘olib bo‘ldi.

O‘zbekistonlik yuqori qo‘shimcha ko‘rsatkich — 80,5 ni qayd etdi. Bundan tashqari, u o‘zining birinchi grossmeysterlik balini qo‘lga kiritdi, deb xabar qildi O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi.

Ikkinchi o‘rinni avstraliyalik 24 yoshli grossmeyster Maks Illinguort (79) egallagan bo‘lsa, “bronza” ozarbayjonlik 20 yoshli Kanan Izzatga nasib etdi.

E’tiborlisi, 10-turda toshkentlik shaxmatchi reyting-favorit, misrlik xalqaro grossmeyster Ahmad Adlini mag‘lubiyatga uchratdi.