O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 14-yanvardan nishonlanadigan Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigini yo‘lladi.

“O‘zbekiston mustaqillikka erishgan birinchi kunlarda aynan Islom Abdug‘aniyevich namoyon etgan prinsipial pozitsiya, siyosiy iroda va azmu shijoat tufayli milliy armiyamizga asos solindi. 1992-yil 14-yanvarda yurtimiz hududida joylashgan barcha harbiy tuzilmalar O‘zbekiston Respublikasining huquqiy tasarrufiga o‘tkazildi. Mana, 25 yildirki, ana shu tarixiy kun Qurolli Kuchlarimiz poydevori qo‘yilgan, istiqlolimiz solnomasiga oltin harflar bilan yozilgan buyuk sana sifatida bayram qilinmoqda”, — deyiladi tabrikda.

Prezident O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatda erkin, ozod va farovon hayot bunyod etish, demokratik islohotlarni samarali amalga oshirish yo‘lida ishonchli kafolat, tog‘dek tayanch bo‘lib kelayotganini ta’kidlar ekan, jahonda va mintaqamizda harbiy-siyosiy vaziyat keskin o‘zgarib, milliy va global xavfsizlik sohasida xatar va tahdidlar tobora kuchayib borayotgan bir paytda milliy armiyani yanada rivojlantirish va takomillashtirish borasida puxta o‘ylangan va izchil harakatlarni davom ettirish darkorligini ta’kidlab o‘tdi.

Milliy xavfsizlik kabi o‘ta muhim sohani qonun talablari asosida boshqarish samarasini oshirish ustuvor vazifalar qatoriga kiradi. “Afsuski, bu sohadagi ko‘plab hujjatlarimiz hozirgi davr talablariga javob bermayapti. Biz milliy xavfsizlikni ta’minlashda strategik rejalashtirish bo‘yicha aniq davlat tizimini barpo etishga ob’ektiv zarurat sifatida ehtiyoj sezmoqdamiz. Ushbu tizimda doimo yangilanib boradigan Milliy xavfsizlik konsepsiyasi markaziy o‘rinni egallashi shart. Mazkur konsepsiyada O‘zbekiston tashqi siyosatiga xos moslashuvchanlik va ochiqlik tamoyillari, bizning yaqin qo‘shnilarimiz bilan konstruktiv munosabatlarni rivojlantirish ustuvor vazifa ekani aks ettirilishi darkor. Ayni vaqtda Vatanimiz mustaqilligi va suvereniteti, xalqimizni madaniy-tarixiy o‘ziga xosligini asrash bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar belgilab berilishi kerak”, — deya qayd etdi Prezident.

U hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning harbiy baza va ob’ektlarini joylashtirishga yo‘l qo‘ymaslik, harbiy xizmatchilarning xorijdagi tinchlikparvarlik operatsiyalarida ishtirok etmaslik siyosatiga sodiq qolish bundan buyon ham mamlakatning prinsipial pozitsiyasi bo‘lib qolishini eslatib o‘tdi.

“Jahonda va mintaqada vaziyatning rivojlanish dinamikasini hisobga oladigan bo‘lsak, vujudga keladigan xavf-xatar va tahdidlarga munosib zarba berish zarurati, shuningdek, bizning ustuvor vazifa va imkoniyatlarimiz O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasini qayta ishlab chiqishni talab etadi. Faqat ana shunday tizimli yondashuv biz uchun milliy xavfsizlikni ta’minlash sohasida yagona, muvofiqlashtirilgan va izchil strategiyani ishlab chiqish, mavjud resurs va mablag‘larni ustuvor maqsadlarga yo‘naltirish, ularni behuda sarflamaslik, ikkinchi darajali vazifalarga chalg‘ib ketmaslik imkonini beradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ikkinchi ustuvor masala — Qurolli Kuchlar qurilishining tashkiliy tizimini yanada takomillashtirish lozim. “Harbiy qurilish sohasida to‘plangan tajribani hisobga olgan holda, har qaysi harbiy okrugning tarkibiy tuzilishi va vazifalarini aniqlash darkor. Bu borada ulardan aynan qaysi vazifalarni hal etish uchun foydalanish kerakligi, qo‘shinlarning qo‘llanish va shuningdek, operatsiyalarni o‘tkazish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘ziga xos xususiyatlariga alohida e’tibor qaratish zarur. Shu bilan birga, bizning „havo qalqonimiz“ — Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari qo‘shinlarini optimallashtirish vazifasi ham katta e’tibor va resurslarni safarbar etishni talab qiladi”, — deya qayd etdi mamlakat rahbari.

Uchinchidan, qo‘shinlarni tayyorlash borasidagi tadbirlarni rejalashtirishga oid yangicha yondashuvni ishlab chiqish muhim ahamiyatga egadir. Bu tadbirlar avvalambor harbiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalarga, ularning tayyorgarlik va ta’minlanish darajasiga mos bo‘lishi zarur. “Biz uchun bu boradagi yakuniy mezon — amaliy natija, ya’ni, butun e’tiborni Qurolli Kuchlarning jangovar qobiliyati va tayyorgarligini real oshirishga, ularning yuqori darajadagi uyushqoqligi va samarali hamkorligiga qaratishdan iborat”, -deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

To‘rtinchidan, barcha bo‘g‘indagi professional harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish e’tibor markazida bo‘lib qolishi zarur, deya ta’kidladi Prezident. “Shu nuqtai nazardan qaraganda, mutlaqo yangi Qurolli Kuchlar akademiyasini tashkil etish bu yo‘nalishdagi birinchi qadam bo‘lishi darkor. Ushbu o‘quv maskani Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtining shonli harbiy an’analarini va hozirgi mavjud akademiya hamda mamlakatimizdagi yetakchi ilmiy-ta'lim muassasalarida to‘plangan faoliyat tajribasini o‘ziga qamrab olishi kerak. Ishonchim komil, bu akademiya harbiy ta’limning yagona tizimida haqiqatan ham asosiy o‘rinni egallaydi, tom ma’noda harbiy ilm-fan markaziga aylanadi. Akademiyada leytenantlar tayyorlash, faoliyat ko‘rsatayotgan ofitserlar malakasini oshirish va shuningdek, armiyamiz boshqaruv tarkibidagi qo‘mondonlik kadrlarini maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish davom ettiriladi”, — deb qayd etdi davlat rahbari.

“Bu vazifani amalga oshirishda biz ta’lim jarayoniga eng yangi usul va texnologiyalarni joriy etishimiz, o‘quv auditoriyalarini zamonaviy trenajyorlar, o‘quv va laboratoriya asbob-uskunalari va kompyuter texnikasi bilan jihozlashimiz lozim. Akademiya tinglovchilarining umumiy madaniyatini oshirish, ularning dam olishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha qulay sharoitlarni yaratishimiz darkor. Bu jarayonda harbiy bilim yurtida haqiqatan ham ta’lim olishga munosib, yuksak aql-zakovat va yetakchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan yoshlarni aniqlash uchun ularni o‘qishga tanlab olishda talabni oshirish lozim. Shu maqsadda mamlakatimizning har bir mintaqasida ikki-uchtadan kollej va litseyni belgilab qo‘yish kerak. Ana shu kollej va litseylar o‘zlarining asosiy vazifalari bilan birga, oliy harbiy o‘quv yurtlariga kiradigan yoshlarni chuqur tayyorlash bilan ham shug‘ullanadi. Bundan tashqari, barcha oliy harbiy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tarkibini tayyorlash, jumladan, ularning xorijdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirish imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadga muvofiqdir”, — ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Bugun va istiqboldagi muhim vazifalardan biri, bu — “qo‘shinlarni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan qayta ta’minlash”, davom ettirdi u. “Afsuski, bu masala biz kutgan darajada jadal sur’atlar bilan amalga oshirilmayapti. Shu munosabat bilan birinchi galdagi vazifa sifatida 2017−2021-yillarga mo‘ljallangan kompleks dastur ishlab chiqishimiz kerak. Unda harbiy ahamiyatga ega mahsulotlar sotib olish, mavjud texnika vositalarini ta’mirlash va modernizatsiya qilish, bu boradagi ishlarni maqsadli moliyalashtirish bo‘yicha aniq tadbirlar ko‘zda tutilishi darkor”.

“Mamlakatimizda harbiy sanoat majmuasini barpo etish vaqti keldi, deb hisoblayman. Shu nuqtai nazardan, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov boshchiligida mudofaa sanoati sohasida yagona siyosatni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan tegishli davlat organini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish kerak. Uning tarkibiga Mudofaa vazirligining ta’mirlash bo‘yicha barcha korxonalarini, shuningdek, Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodi hamda o‘q-dori tayyorlaydigan „Vostok“ ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini o‘tkazish zarur”, — dedi davlat rahbari.

“Kelgusida ana shu korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish bilan birga, ilmiy-ishlab chiqarish bazasini yaratish, servis markazlari va qo‘shma korxonalar tashkil etishga, shuningdek, mamlakatimizning yetakchi korxonalarida harbiy ahamiyatga ega bo‘lgan ayrim turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga alohida e’tibor qaratish kerak”, — dedi u.

“Oltinchidan, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish diqqatimiz markazida bo‘lishi darkor. Bu sohada qabul qilingan davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni ishlab chiqish ob’ektiv zaruratga aylanganini bugun yaqqol his etmoqdamiz. Shu maqsadda xizmatni o‘tash tartibi, front orti ta’minoti, harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirishga qaratilgan, ko‘pdan buyon hayot talabiga aylangan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishni tezlashtirish muhim ahamiyatga ega. “Harbiy xizmatni, ichki ishlar va bojxona idoralarida xizmatni o‘tagan shaxslar hamda ularning oila a’zolarini pensiya bilan ta’minlash to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini qabul qilish zarur, deb hisoblayman”, — qayd etdi Prezident.

Yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha uzluksiz olib boriladigan ishlar dolzarb ahamiyatga egadir. “vatanparvarlik har bir davlat hayotining ma’naviy asosi hisoblanadi va jamiyatni har tomonlama rivojlantirish borasida eng muhim safarbar etuvchi kuch sifatida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham fuqarolarimizda bizga mutlaqo yot bo‘lgan zararli ta’sirlarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish va Vatanimiz taqdiri uchun mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ko‘rishimiz shart. Ana shu murakkab ishda armiya saflarida mardlik va matonat, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish maktabini o‘tagan navqiron o‘g‘lonlarimiz ishonchli tayanch va suyanch bo‘lib xizmat qiladi. Shu munosabat bilan mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarma va bo‘limlar bunday yoshlar bilan doimo aloqada bo‘lishi kerak. Mazkur boshqarma va bo‘limlarning bu yo‘nalishdagi va mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlik qilish sohasidagi vakolatlarini kengaytirish muhim ahamiyatga egadir”.

“Shu borada Bosh vazir A.N.Aripov boshchiligida muddatli harbiy xizmatni va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolarni ishga joylashtirish bo‘yicha respublika komissiyasini, joylarda esa bevosita hokimlar rahbarligida viloyat, shahar va tuman komissiyalarini tashkil etish yana bir amaliy qadam bo‘lur edi”, — ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha ko‘pgina yutuqlarga erishayotganiga e’tibor qaratar ekan, viloyat hokimliklari tarkibida ushbu kengashning mintaqaviy bo‘linmalarini tuzish orqali uning imkoniyatlarini kengaytirish, bu bo‘linmalarning ishini harbiy okruglar qo‘mondonligi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etishni taklif qildi u.

Prezident ishlab chiqilayotgan O‘zbekiston Respublikasini 2017−2021-yillarda rivojlantirish Harakat strategiyasida milliy armiyani isloh qilish ko‘zda tutilganini ma’lum qildi. “Ana shu o‘ta muhim hujjatga binoan mudofaa sohasidagi qonunchilik bazasi, qo‘shin guruhlarining jangovar tarkibi, tashkiliy tuzilmasi, harbiy kadrlarni tayyorlash va ularning safini to‘ldirish samaradorligini oshirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, qo‘shinlarni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan qurollantirish hamda ularni har tomonlama ta’minlash masalalarini yaxshilashga yo‘naltirilgan aniq chora-tadbirlar qabul qilinadi va amalga oshiriladi”.