O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (SSP) mamlakatdagi tadbirkorlik muhitini yaxshilashga bag‘ishlangan navbatdagi davra suhbatini o‘tkazdi. Unda Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va SSP raisi Alisher Shayxov ishtirok etdi.

6-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini yaxshilash, qonunchilikda biznesning ishtiroki, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, soliq va bank tizimlari muammolari, professional assotsiatsiyalarning samarali faoliyati va boshqa masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston-Xitoy Savdo uyi (O‘XSU) rahbari, Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasi (AMBiT) raisi Hikmat Abdurahmonov nima uchun professional assotsiatsiyalar O‘zbekistonda biznesga muammolarini hal etishda yordam bera olmayotgani sabablari to‘g‘risidagi mulohazalarini o‘rtoqlashdi. “Menimcha, professional assotsiatsiyalarning muammosi ularning sonida emas, balki hech kim ularni jiddiy qabul qilmasligida… Afsuski, mamlakatimizda mazkur tashkilotlar va davlat o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tmadi, shuning uchun tadbirkorlar assotsiatsiyalar u yoki bu muammoni hukumatga qadar aniq qilib yetkaza olishiga ishonmaydi. Qo‘shni mamlakatlarda professional birlashmalar allaqachon kuchga ega bo‘lib, u yoki bu muammoni hal etish uchun muntazam ravishda hukumat bilan uchrashuvlar o‘tkazib turadi”.

Uning ma’lum qilishicha, tadbirkorlar o‘z muammolari va davlat organlari tomonidan sodir etilgan qonun buzilishlari to‘g‘risida xabar qilishdan qo‘rqishmaydi, biroq tizimli muammolar ular tilini qisqa qilib qo‘yadi.

Hikmat Abdurahmonovning fikricha, soliq tizimi va bojxona siyosati kompaniyalarning norasmiy iqtisodiyot doirasidan chiqib ketishlarini rag‘batlantirayotgani yo‘q, ular nazorat organlarining ortiqcha e’tiboridan qochish foydaliroq, deb hisoblashadi. “Tadbirkorlarda soliqlardan qochgandagina raqobatbardosh bo‘lish mumkin, degan tasavvur paydo bo‘lib qolgan. Bu soliq tizimi tubdan o‘zgarishi lozimligini ko‘rsatmoqda”, — dedi u.

Tadbirkorlikni rivojlantirish va O‘zbekistonning raqobatbardoshligini oshirish uchun nima qilish kerak? “Bizda uskunalar yetishmovchiligi mavjud emas, muammo — ularning yetarlicha ta’minlanmaganligida, — deb hisoblamoqda O‘XSU va AMBiT rahbari. — Ya'ni, ko‘plab ishlab chiqarish quvvatlarida xom ashyoga yo‘l yo‘q. Bu muammoni hal etmasdan turib oldinga harakat qila olmaymiz”.

Ikkinchi asosiy muammo — ham so‘m, ham dollardagi kapitalga yo‘l mavjud emas. “Qarz mablag‘larisiz biz rivojlana olmaymiz. Bugungi kunda tadbirkorlar kapital uchun faqatgina bankka murojaat qilishlari mumkin. Bank tizimini liberallashtirish lozim. 10 yillar muqaddam banklar biznesni moliyalashtirish uchun o‘rta va uzoq muddatli mablag‘larni jalb qila olar edi. Agarda biz bozorning raqobatbardoshligini oshirsak, ko‘plab muammolar o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Buning uchun esa davlat kompaniyalari xususiy sektor bilan raqobatlashmasligi, uni nazorat qilmasligi, aksincha, ularning rivojlanishi uchun ekotizim yaratishi, axborot shaffofligi ta’minlanishi lozim”, — deb qayd etdi Hikmat Abdurahmonov.

Iqtisodchi Yuliy Yusupov xalqaro maydondagi raqobatbardoshlik to‘g‘risida so‘zladi. Uning fikricha, O‘zbekiston xalqaro mehnat taqsimoti va global qo‘shimcha qiymat yaratish zanjirida faol ishtirok etishi, valyuta bozorini liberallashtirishi va erkin konvertatsiyani joriy etishi lozim.

Yuliy Yusupov tijoriy banklar o‘zlarining asosiy vazifalari — omonatlarni jalb etish va ularni investitsiyalarga aylantirishga qodir emas. Shu sababli to‘liq Markaziy bank qo‘llanmalariga o‘ralashib qolgan, deb hisoblaydi.

U mamlakatda to‘lov tizimining turli qiymatdagi darajalarini ko‘rsatib berdi — naqd, naqdsiz, tadbirkor hisob raqamidagi pullar. Naqd pul mablag‘larini topshirishdagi ma’muriy to‘siqlarni olib tashlash bilan mazkur muammoni hal etish mumkin, deydi u.

Ekspert mamlakatda kichik korxonalar yanada tor ixtisoslikka ega bo‘lsa, yiriklari esa keng miqyosda iqtisod qilishni boshlasa, O‘zbekiston raqobatbardoshligi ortishi mumkinligini qayd etib o‘tdi. Bu ularning takomillashuviga, to‘xtalishlarni maksimal darajada kamaytirish va mahsulotlar sifatini oshirishga imkon tug‘diradi. U uzun qo‘shimcha qiymat yaratish zanjirini tashkil etish va kompaniyalarning mustahkamlanishiga to‘sqinlik qilayotgan soliq tizimini isloh qilishni taklif etdi.

Iqtisodchi fermerlarning yerga egalik qilish va undan foydalanishda o‘ziga ishonchni his etishlari uchun ular huquqlarini mustahkamlashga chaqirdi.

TOP-Contact kompaniyasi asoschisi Laziz Adhamov Vazirlar Mahkamasining kichik korxonalarda xodimlar sonini 25 nafargacha qilib cheklash to‘g‘risidagi qarori 50 nafargacha xodim ishlayotgan kompaniyasini soliqlarni to‘liq to‘laydigan yirik korxonaga aylantirib qo‘yganini ma’lum qildi. Shu sababdan uning biznesi “nihoyasiga yetib kelgan”.

Alisher Shayxov tadbirkor mulohazalariga javob berarkan,Iqtisodiyot vazirligi kichik korxonalar va mikrofirmalar xodimlari sonini ikki barobarga oshirishni taklif etgani, yaqin orada qarorga o‘zgartishlar kiritilishini ma’lum qildi.

Kichik korxonalar shtatlari soni masalasi boshqa sohalar uchun ham dolzarbligicha qolayotgani ta’kidlandi. Bunday cheklovlar korxonalarning ko‘plab mayda qismlarga bo‘linib ketishi va mehnat unumdorligining pasayishiga olib kelmoqda, deb hisoblaydi korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i asoschisi va rahbari Zafar Xoshimov.

“Meni bir savol o‘ylantiradi: nima uchun men xuddi shu faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lsamu, 50 va 51 kishi shtatiga ega kompaniyalar turlicha soliq to‘lasa. Agarda to‘qimachilikni olsak, soliq va bojxona imtiyozlari tasnifidan qat’i nazar, mazkur sohaning barcha kompaniyalarini qamrab olishi kerak. Aks holda bu ishlab chiqarishning bo‘linib ketishiga va mehnat unumdorligining pasayishiga olib keladi. Bu boshqa sohalarga ham tegishli. Masalan, sut mahsulotlari korxonasi xodimlari soni 25 nafardan oshib, kichik korxona deb hisoblanmasa, rivojlana olmaydi. Xuddi shunday holat taksi xizmatida ham. Bir kompaniya umumiy soliqqa tortilmaslik uchun 18 ta kichik kompaniyalarni tashkil etadi”, — dedi tadbirkor.

To‘qimachilik sohasi vakillari hukumatga Turkiya bilan o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining eksport mahsulotlarini bojxona bojidan ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish hamda soliq va bojxona imtiyozlari qo‘llanilgan tovarlar ro‘yxatini kengaytirish taklifi bilan chiqishdi.

Grand Eco Product ta’sischisi Murodxon Jo‘rayev issiqxona xo‘jaliklarining tadbirkorlik omillariga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan qisqarib borayotgani masalasini ko‘tarib chiqdi. “Gap gazning deyarli mutlaqo yo‘qligi, elektr ta’minotidagi uzilishlar, shu sababli hosilning nobud bo‘layotgani haqida ketmoqda”. Bunday uzilishlar uchun hech kim javobgarlikni zimmasiga olmaydi. U issiqxona xo‘jaliklari uchun kadrlar tayyorlash mavzusiga e’tibor qaratib, ilmiy muassasalarni zararkunandalar bilan kurash uchun yangi kimyoviy vositalarni ishlab chiqishda faol ishtirok etishga chaqirdi. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tuzish va iqtisodiy islohotlarning bajarilishi ustidan nazorat bo‘yicha kengash tashkil etish taklif qilindi.

Newmax Technologies asoschisi va MyTaxi rahbari Akmal Payziyev O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish va elektron tijoratning rivojlanishiga internet-ekvayring bilan bog‘liq qiyinchiliklar ham to‘sqinlik qilayotganini ta’kidlab o‘tdi. “Biz Visa va MasterCard xalqaro bank kartalaridan to‘lovlarni qabul qila olmaymiz… Mamlakatimizga kelgan sayohlar o‘z kartalaridagi pullarni sarflashni xohlashadi, biroq hamma umumiy ovqatlanish va sayyohlik nuqtalarini to‘lovlarni qabul qilish uchun terminallar bilan ta’minlash — anchagina qiyin va serxarajat vazifa, bu o‘rinda ilovalarni amalga tatbiq etish mumkin”.

Uchrashuvda hukumat va biznes vakillari davlat-xususiy sektor hamkorligini yo‘lga qo‘yish, mavjud muammolarni hal etishda hamkorlik qilishga tayyorligini tasdiqlab, har bir masalani kompleks ko‘rib chiqish uchun yanada ixtisoslashgan uchrashuvlarni o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olishdi.