10-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining umumiy majlisida akademik Behzod Yuldoshev FA prezidenti etib saylandi. Bu haqda akademiya saytida xabar qilindi. Yig‘ilishda bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etdi.

Behzod Yuldoshev (1945-yil tug‘ilgan) — fizika-matematika fanlari doktori. 2000−2005-yillarda Fanlar akademiyasini boshqargan. FA Yadro fizikasi instituti direktori bo‘lgan. Oliy Majlis Senati a’zosi sifatida ham faoliyat olib borgan.

2006-yil martidan FAga biologiya fanlari doktori, akademik Shavkat Solihov prezident edi.

Xabar qilinishicha, yig‘ilishda ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish, ilmiy muassasalar, OTMlar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash mexanizmlarini yaratish to‘g‘risida so‘z ketgan.

Ayni paytda Fanlar akademiyasi va ilm-fan sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan konsepsiya ishlab chiqilmoqda.

Majlis yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga murojaat qabul qilindi.