O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-yanvar kuni “Ma'muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Hujjat “Xalq so‘zi” gazetasida e’lon qilindi va e’lon qilingan muddatdan ikki yil o‘tib kuchga kiradi.

Qonun bilan ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning huquq va majburiyatlari, maxsus qabulxonalar ma’muriyatlari va xodimlari, ulardagi ichki tartib-qoidalar belgilab berilgan.

Qonun ma’muriy qamoqni shaxsni jamiyatdan vaqtincha ajratib qo‘yish sharoitlarida saqlashndan iborat ma’muriy jazo turi sifatida belgilab beradi. U uch sutkadan o‘n besh sutkagacha bo‘lgan muddatga qo‘llaniladi. Tuman (shahar) sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyasining qarori ma’muriy qamoqni o‘tash uchun asos bo‘ladi.

Qonunga ko‘ra, ma’muriy qamoqni o‘tashning asosiy prinsiplari qonuniylik, insonparvarlik, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishdan iborat.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar maxsus qabulxonalarda saqlanadi va umumiy kameralarga yoki bir kishilik kameralarga joylashtiriladi. Kameralarda bir kishiga to‘g‘ri keladigan maydonning normasi kamida 2,5 kv. m, ayollar uchun esa kamida 3 kvadrat metrni tashkil etadi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga alohida yotoq joyi, ko‘rpa-to‘shak, idish-tovoq hamda ovqatlanish anjomlari beriladi. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar o‘zining kiyim-boshi, poyabzali va shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanadi. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning shaxsiy xavfsizligi ta’minlanadi.

Qamoqqa olingan shaxsga jismoniy kuch va maxsus vositalar (tinchlantirish ko‘ylaklari, rezina tayoqlar, qo‘lkishanlar yoki boshqa bog‘lash vositalari, ko‘zdan yosh oqizuvchi moddalar, chalg‘itma ta’sir ko‘rsatuvchi nur-tovush moslamalari, xonalarni ochish moslamalari) qo‘llanilishi mumkin. Biroq bunday choralar faqatgina maxsus qabulxona xodimlariga, ma’muriy qamoqqa olingan boshqa shaxslarga va o‘zga shaxslarga hujumini daf etishda, ommaviy tartibsizliklarga, jamoat tartibini guruh bo‘lib buzishlarga barham berishda, maxsus qabulxona xodimlariga ashaddiy tarzda bo‘ysunmayotgan yoki qarshilik ko‘rsatayotgan huquqbuzarlarni ushlashda, maxsus qabulxonadan qochgan ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni ushlashda, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonadan qochishining oldini olish uchun qo‘riqlab turishda qo‘llanilishi mumkin.

Qamoqqa olinganlar yozma roziligi bilan haq to‘lanadigan mehnatga qilinishlari mumkin. Ular mehnatiga haq to‘lash qonun hujjatlarida belgilangan miqdordan -Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadidan kam bo‘lmasligi lozim. Maxsus qabulxona xonalaridagi sanitariya-gigiyena, maishiy sharoitlarni yaxshilash, shuningdek ichki ishlar organi yoki maxsus qabulxona hududini obodonlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan yumushlar haq to‘lanmaydigan ishlar hisoblanadi. Bunday ishlar davomiyligi sutkasiga ikki soatdan ko‘p bo‘lmasligi va jismoniy ishlarga o‘z roziligiga ko‘ra amalga oshirilishi lozim.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslardan tuman (shahar) sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyasining maxsus qabulxonada saqlash bilan bog‘liq xarajatlar sutkasiga eng kam oylik ish haqining 15 foizi miqdorida undiriladi. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxsning moddiy ahvoli xarajatlar o‘rnini qoplashdan ozod qilinishi mumkin.