O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi 27 mamlakat sayyohlari uchun viza tartibini bekor qilish to‘g‘risidagi 2017-yil 1-apreldan kuchga kirishi lozim bo‘lgan Prezident farmoni ijrosi 2021-yil 1-yanvarga qadar kechiktirildi. Mazkur o‘zgarish Prezident Shavkat Mirziyoyevning 22-dekabrdagi farmoni bilan tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbarining farmoniga muvofiq, 1-apreldan 15 davlat sayyohlari va 12 mamlakatning 55 yoshdan oshgan sayyohlari uchun viza tartibini bekor qilish rejalashtirilgan edi.

Yangi hujjatda qayd etilishicha, viza tartibini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror sayyohlik faoliyatini barqaror va muvozanatlashtirilgan holda taraqqiy ettirish, zarur moddiy-texnik bazani shakllantirish, xorijlik sayyohlar va respublika fuqarolari hayoti xavfsizligi va salomatligini ta’minlash, shuningdek, chet el davlatlari bilan teng huquqli tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida qabul qilindi.

Qarorda keltirilishicha, viza tartibini kechiktirish to‘g‘risidagi taklif Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda boshqa vazirlik va mahkamalar tomonidan kiritilgan.

Shunday qilib, 2021-yil 1-yanvardan O‘zbekiston mamlakatga 30 kundan ziyod bo‘lmagan muddatga sayyohlik maqsadida kelgan Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Finlyandiya, Shveysariya va Yaponiya fuqarolari hamda Belgiya Qirolligi, Indoneziya, XXR (sayyohlik guruhlari tarkibida), Malayziya, AQSH, Vetnam, Isroil, Polsha, Vengriya, Portugaliya va Chexiyaning 30 kundan ziyod bo‘lmagan muddatda sayyohlik maqsadida O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchi 55 yoshdan oshgan fuqarolari uchun viza tartibini bekor qiladi.