O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-yanvarda Prokuratura organlari xodimlari kuni oldidan bir guruh soha xodimlari bilan uchrashdi, deb xabar qildi O‘zA. Uchrashuvda Oliy Majlis palatalari rahbarlari, hukumat a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, prokuratura organlari mas’ul xodimlari va faxriylari ishtirok etdi.

“Sizlarni 8-yanvar — Prokuratura organlari xodimlari kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman”, — dedi Prezident.

“Bugun sizlar bilan oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida gaplashib olmog‘imiz lozim, — deb qayd etdi davlat rahbari. — Odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, adolatsizlikka chiday olmaydi. Jamiyatda adolat barqaror bo‘lishida prokuratura organlarining o‘rni katta bo‘lmog‘i kerak”.

“Prokuratura organlari xodimlarining ishi katta mas’uliyat, fidoyilik, halollikni talab qiladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Qabul qilinayotgan har bir qaror zamirida inson taqdiri turadi. Shunday ekan, yetti o‘lchab bir kesish bu borada asosiy mezon bo‘lmog‘i shart”.

Mamlakat rahbari qonunchilik bazasini har tomonlama mustahkamlash va qonunlarni so‘zsiz ijro etish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, demokratik huquqiy davlatni rivojlantirish, xususiy mulk va tadbirkorlik taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlash hamda uning ishonchli himoya qilinishini ta’minlashda prokuratura organlarining roli katta ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Prezident tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishida prokuratura organlarining roli haqida gapirar ekan, quyidagilarni alohida ta’kidladi. Tadbirkor boy bo‘lsa, davlat boy bo‘ladi. Buning uchun ishbilarmonlarga keng sharoit yaratib berishimiz lozim. Prokuror tadbirkorga ko‘makchi bo‘lishi, u bilan hamkorlikda ishlashi darkor.

Hozirgi kunda Oliy Majlis Senati tomonidan har yili Bosh prokurorning hisoboti eshitiladi. “Bu albatta muhim, lekin joylardagi prokurorlarning hisobotini kim eshitadi?” — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etiladi. Bundan tashqari, viloyatlarda prokurorlarning ishiga qarab oylik reytingi tuzib boriladi. Ularning faoliyatiga reyting natijalari asosida baho beriladi.

Sentyabrda ochilgan bosh vazir virtual qabulxonasiga (keyinroq Prezident virtual qabulxonasiga aylantirildi) fuqarolardan 311 ming murojaat kelib tushdi. Ular orasida prokuratura organlari faoliyatiga tegishlilari ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

“Bu juda achinarli holdir, — dedi Prezident. — Barchamiz o‘zimizga bir savol beraylik: odamlarda nima uchun muammolar bunchalik ko‘payib ketdi, ularning dardini kim eshitadi? Murojaatlarning aksariyati adolatsizlikdan, ularni hech kim eshitmaganidan bo‘lmoqda. Agar prokuratura organlarining eshigi aholi uchun ochiq bo‘lganida, Bosh vazirning virtual qabulxonasiga bu qadar ko‘p murojaat tushmas edi.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida mazkur soha xodimlari ham g‘oyat mas’uliyatli vazifalarni bajarmog‘i lozim bo‘ladi. Bironta ham murojaat e’tibordan chetda qolmasligi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.