O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining 6-yanvar kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Bosh assambleyasida sport tashkilotining yangi rahbarlar tarkibi tanlandi.

Ovoz berishlar natijasida “O‘zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi boshqaruv raisi Alisher Sultonov MOK prezidenti etib saylandi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi rahbari Valeriy Tyan, Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi raisi o’rinbosari UmidAxmatdjanov, Salim Abduvaliyev va o‘tgan davrda ham mazkur lavozimda faoliyat ko‘rsatgan Farhod Turdiyev uning o‘rinbosarlari etib saylandi. MOK bosh kotibi Oybek Qosimov yana qaytadan ushbu lavozimda faoliyat olib boradigan bo‘ldi.

Assambleya ishida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, bosh vazir o‘rinbosarlari Adham Ikromov va Tanzila Norboyeva, mamlakat sport federatsiyalaridan 140 nafarga yaqin vakillar ishtirok etdi.

2013−2016-yillarda MOK faoliyat to‘g‘risidagi hisobot “qoniqarli” deb qabul qilindi. Assambleya delegatlari o‘z vazifasini tark etayotgan MOK prezidenti Mirabror Usmonovga mamlakatda sport hamda olimpiya harakatini rivojlantirishdagi ulkan ulushini qayd etgan holda unga minnatdorchilik bildirishdi.