O‘zbekistonda to‘rtta farmatsevtika sanoat zonasini (FSZ) tashkil etish taklif qilinmoqda. Prezidentning shu haqdagi qarori loyihasi normativ-huquqiy aktlar muhokamasi portalida e’lon qilindi.

Hujjatda quyidagi FSZlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan: Surxondaryo viloyati Boysun tumanida «Boysun-farm», Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida «Bo‘stonliq-farm», Jizzax viloyati Zomin tumanida «Zomin-farm» va Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida «Sirdaryo-farm».

Qaror mahalliy xom ashyolarni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shimcha qiymatli farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish yuzasidan qulay sharoitlarni shakllantirish hamda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi daromadlarini oshirishga yo‘naltirilgan.

Rejaga ko‘ra, FSZlarning faoliyat ko‘rsatish muddati 30 yil bo‘lib, ularni kelgusidan uzaytirish imkoniyati saqlanib qoladi. Mazkur muddat davomida FSZ hududlarida o‘ziga xos soliq va bojxona imtiyozlari (investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda 3−10 yil muddatga) amal qiladi.